OMMAVIY QIRG’IN QUROLLARI
OMMAVIY QIRG’IN QUROLLARI — dushmanning jonli kuchlariga, qurolaslahalariga, inshootlariga yalpi (ommaviy) talafot yetkazish uchun mo’ljallangan jangovar vositalar, qirg’in qurollari. Jangovarlik (talafot yetkazish, qirg’in qilish) xususiyatlariga ko’ra, boshqa barcha jangovar vositalar, qurollardan samaraliroq hisoblanadi. Ommaviy qirg’in qurollari jumlasiga bakteriologik (biologik), kimyoviy va yadroviy qurollar kiradi. Bu qurollar ichida eng katta ziyon va talafot keltiruvchisi, yalpi qiradigani, asorat qoldiradigani, eng dahshatlisi yadro qurolidir. Ommaviy qirg’in qurollarini ishlatish sharoiti, hududi, miqyosi deyarli cheklanmagan. Hozircha Ommaviy qirg’in qurollarining eng katta zaxirasi ikki yirik davlat – AQSH va Rossiya Federasiyasida jamlangan. Pokiston, Eron, Hindiston, Shimoliy Koreya, Iroq va boshqa ba‘zi davlatlar Ommaviy qirg’in qurollarini ishlab chiqarish va zaxira hosil qilish harakatida. Ommaviy qirg’in qurollaridan mudofaa qilish chora-tadbirlari, umumiy va shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqilgan. Ba‘zi yirik mamlakatlar (AQSH, Angliya, Germaniya, Rossiya Federatsiyasi va boshqa)da aholini Ommaviy qirg’in qurollaridan himoya qilish uchun yaxshilab jihozlangan bombalar mavjud, fuqaro mudofaasi tizimi tashkil qilingan va vaqt-vaqti bilan mashg’ulotlar o’tkazib turiladi.