SUD HOKIMIYATI

SUD HOKIMIYATI — davlat hokimiyatining bo’linish prinsipiga asosan hokimiyat tarmog’i bo’lib, u sud organlari orqali amalga oshiriladi, ular O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Oliy xo’jalik sudlari tizimidan tashkil topadi. U o’zida: a) odil sudlovni amalga oshirish vakolatlari, ya‘ni jinoiy, fuqarolik, xo’jalik, ma‘muriy va konstitutsiyaviy ish (nizo)larni protsessual, qonun bilan belgilangan tartibda ko’rib chiqish vakolatlari yig’indisini, ba‘zi mamlakatlarda, shuningdek, huquq normalarini izohlash vakolatlarini, qonun ijodkorligi vakolatlari va boshqa 2 darajali vakolatlarni; b) yuqorida qayd etilgan vakolatlarni amalga oshiruvchi davlat organlari tizimini mujassamlashtiradi. Sud hokimiyati vakolatlari asosiy — odil sudlovni amalga oshirish vakolatlari va yordamchi vakolatlarga bo’linadi. Hozirgi zamon demokratik davlatlarida Sud hokimiyatining asosiy vakolatlari turli toifadagi sudlar zimmasiga yuklanadi. O’zbekiston Respublikasida Sud hokimiyati ijtimoiy adolat, fuqarolar tinchligi va totuvligi, qonun ustuvorligini ta‘minlashga, inson huquqlari va erkinliklarini, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini muhofaza etishga qaratilgan. Mamlakatimizda Sud hokimiyatining konstitutsiyaviyhuquqiy maqomi, tuzilishi va faoliyat yuritishining qonuniy asosi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va O’zbekiston Respublikasining ―Sudlar to’g’risidagi qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.