“TEMUR TUZUKLARI”
“TEMUR TUZUKLARI” — Amir Temurning harbiy va siyosiy faoliyatidan ma‘lumot beruvchi tarixiy asar. ―Tuzuki Temur va ―Tuzukoti Temur nomlari bilan atalgan. Amir Temurning ―Tuzuklar muallifi ekanligini eʼtirof etadigan olimlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bular orasida ―Temur tuzuklarining inglizcha tarjimonlari va noshirlari Devi va Uaytlar, mashxur turk qomusiy olimi Shamsuddin Somiy, qo‘lyozmalarning yirik tadqiqotchisi N.D.Mikluxo Maklaylar ham bor. Boshqa bir guruh olimlarning fikricha, asar XVI-XVII asrlarda Hindistonda yozilgan. Asar ikki qismdan iborat. Birinchi qismda Amir Temurning tarjimai holi, ijtimoiy-siyosiy faoliyati, uning Movarounnahrda markaziy hokimiyatni qo‘lga kiritishi, siyosiy tarqoqlikka barham berishi, markazlashgan davlat tuzishi, 27 mamlakatni, jumladan, Eron, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Gruziya va Hindistonni o‘z tasarrufiga kiritishi, Oltin O‘rda hukmdori To‘xtamish, turk sultoni Boyazid I Yildirimga qarshi harbiy yurishlari, ulkan saltanatini mustahkamlash uchun turli ijtimoiy tabaqalarga nisbatan qanday munosabatda bo‘lganligi buyuk sohibqiron tilidan ixcham tarzda bayon etilgan. Ikkinchi qism mashhur jahongirning farzandlariga atalgan o‘ziga xos vasiyat, pandnasihatlari va o‘gitlaridan iborat. Unda davlatni idora etishda kimlarga tayanish, toju taxt egalarining tutumi va vazifalari, vazir va qo‘shin boshliqlarini tanlash, armiyaning tuzilishi va jang olib borish qoidalari, sipohiylarning maoshi, mamlakatni boshqarish tartibi, davlat arboblari va qo‘shin boshliqlarining burch va vazifalari, amirlar, vazirlar va boshqa mansabdorlarning toju taxt oldida ko‘rsatgan alohida xizmatlarini taqdirlash yo‘sini va boshqa xususida gap boradi. Asar Amir Temur davridagi o‘zbek davlatchiligi tarixini o‘rganishda asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. “Temur tuzuklari”ning Devi va Uayt nashri asosida chiqarilgan toshbosma va keyingi nashrlaridan biri asosida Alixonto‘ra Soguniy 1967-yil Toshkentda ―Tuzuki Temuriyni o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1989-yilda Alixonto‘raning o‘sha nashrini ―Tuzuki Temurning Bombeyda chop etilgan forscha matniga solishtirgan holda o‘zbek tilida yana bir tarjima amalga oshirildi. Uni o‘zbek sharqshunosi Habibulla Karomatov hozirlab, oldin ―Sharq yulduzi jurnalida (Toshkent,1989,8-son), so‘ngra alohida kitob holida (1991) G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san‘at nashriyotida nashr ettirdi. 1996-yil asarning yangi tarjimasi qayta o‘zbek tilida chop etildi.