SIYOSIY MUNOSABATLAR

SIYOSIY MUNOSABATLAR — sub‘yektlarning siyosiy sohada, davlat ishlarida ishtiroki davomida, siyosiy hokimiyatni amalga oshirish yoki shu bilan bog’liq tarzda shakllanuvchi ijtimoiy o’zaro aloqalar shakli. Sub‘yektlar o’zlarining individual, guruhiy yoki umumiy manfaatlarini amalga oshirishlari, davlat vositalari, mexanizmlari va resurslaridan foydalanishlari jarayonida siyosiy munosabatlar vujudga keladi. Har qanday ijtimoiy muammo agar u ijtimoiy guruh yoki butun jamiyat manfaati bilan bog’liq bo’lsa va davlat aralashuvini taqozo etsa – siyosiy tabiatga ega bo’ladi. Ularning ichida: a) sinflar, ijtimoiy guruhlar, qatlamlar ichidagi munosabat; b) boshqaruv organlari faoliyati natijasida vujudga keluvchi vertikal munosabatlar; s) siyosiy tashkilotlar va muassasalar o’rtasida vujudga keluvchi gorizontal munosabatlar ajratiladi.