TARG’IBOT YURITISH
TARG’IBOT YURITISH (lot. propaganda – tarqatilishi lozim bo’lgan) — g’oyalarni omma orasida tarqatish va ommaviylashtirishni amalga oshiradigan (og’zaki tarzda yoki ommavviy axborot vositalari yordamida) faoliyatdir. «Targ’ibot yuritish» tushunchasi 1662-yilda cherkov umumlashmalarining o’ziga xos birlashmasini (kongregatsiyani) hosil qilgan Vatikan tomonidan kiritilgan. Uning vazifasi missionerlik faoliyati yordamida diniy aqidalarni tarqatishdan iborat bo’lgan. Siyosiy targ’ibot yuritish deganda siyosiy harakatlar sohasida oldindan belgilangan ma‘lum bir natijaga erishish uchun individlar, guruhlar, jamiyat ongiga tizimli ravishda amalga oshiriladigan ta‘sir o’tkazish harakatlari tushuniladi. Targ’ibot yuritish shartli ravishda «oq», «kul rang» va «qora» targ’ibotga bo’linadi. Oq targ’ibot odatda rasmiy manba yoki uning organlaridan birining nomidan olib boriladi. U oshkora bo’ladi, tekshirilgan ma‘lumotlardan foydalanadi va o’zining maqsadlarini niqoblamaydi. Kul rang targ’ibot ma‘lum bir axborot manbaini ko’rsatmaydi, tekshirilmagan ma‘lumotlardan foydalanadi, odamlarni adashtirishga intiladi. Qora targ’ibot har doim o’zining haqiqiy axborot manbaini yashiradi, tom ma‘nodagi aldovlarga asoslanadi. Rivojlangan demokratik davlatlarda kul rang va ayniqsa qora targ’ibot qonun bilan ta‘qiqlangan va ta‘qib qilinadi. Shunga qaramasdan u amal qiladi va toza faoliyat olib bormaydigan ommaviy axborot vositalari tomonidan o’z maqsadlari yo’lida foydalaniladi.