VAHHOBIYLIK

VAHHOBIYLIK — islom dinining sunniylik yo’nalishi hanbaliya mazhabidagi oqim. Arabiston yarim orolining markaziy qismi (Najd)da XVIII asr o’rtalarida paydo bo’lgan. Muhammad ibn Abdulvahhob (1703-1792) asos solgan (nomi shundan olingan). Ibn Abdulvahhob aqoidda ilohiyotchilar Ibn Taymiya (1263-1328) va Ibn Kasiyrga ergashdi. Ibn Abdulvahhob diniy targ’ibotni taxminan 1730-yilda boshlagan, o’z otasining vafotidan so’ng uni faollashtirgan, chunki ota-o’g’il o’rtasida da‘vatning uslubi xususida ixtilof bo’lgan. Turk tilidagi tadqiqotlarda Ibn Abdulvahhob uzoq yillar ingliz josusi bilan hamkorlik qilgani haqida dalillar mavjud. Vahhobiylik tarafdorlari fikricha, faqat Alloh ma‘bud va islomning manbai Qur‘on va Sunnadir. Muqaddas joylarni ziyorat qilish, azizavliyolardan duolarda shafoat-yordam tilash shirk hisoblanadi. Musiqa, qo’shiq va umuman ma‘naviy taraqqiyotning boshqa ko’p ko’rinishlari bid‘at (keyin kirib kelgan yangilik) sanaladi. Vahhobiylarning ibodatlari ham tarixan shakllangan hanafiya mazhabi qoidalaridan ajralib turadi. Vahhobiylar dinni ―tozalashga, Muhammad (s.a.v.) davridagi asl holiga keltirish iddaosi bilan harakat qiladi. Vahhobiylikda g’ayridinlarga, ―ilk islom ahkomlaridan chekingan musulmonlarga qarshi kurash alohida o’rin tutadi. Ularning da‘vatini qabul qilmaganlarning barchasi go’yo kofirdir. Dastlabki vahhobiylar imon masalasida o’ta mutaassiblik, siyosiy raqiblar bilan kurashda esa oshkora ekstremizm bilan ajralib turgan. Vahhobiylik ta‘limoti o’sha paytdayoq norozilik tug’dirgan. Ibn Abdulvahhobni hatto o’zi tug’ilgan joy — Uyaynadan quvib chiqarishgan. Ammo bu ta‘limot Arabiston yarim orolining markaziy qismida o’sha davrdagi mavjud muhit uchun qo’l kelgan. Zero bu yerda bir necha mayda sulolalar tomonidan boshqarilgan amirliklar o’zaro doimo nizolashib kelardilar. Shunday sulolalardan biri – saudiylar taxminan 4 asrdan beri ad-Dariyani o‗zlariga markaz qilib olib, atrofdagi amirliklarni birlashtirishga harakat qilardilar. Amir Muhammad ibn Saud (1725-1765) bu ishda Vahhobiylik ta‘limotidan foydalandi. Muhammad ibn Saud va uning o’g’li Abdulaziz ibn Muhammad (1765-1803) vahhobiylar bayrog’i ostida yarim orolning katta qismini kuch bilan egallab, birinchi saudiylar davlatini barpo qildilar. Ammo bu davlat XIX asr boshida misrliklar istilosi natijasida quladi. Ayni vaqtda Vahhobiylik Arabiston yarim orolidan tashqarida — Hindiston, Indoneziya, Sharqiy va Shimoliy Afrikada yoyila boshladi. Ikkinchi Saudiylar davlati qisqa muddat (1843-65) hukm surdi. Va, nihoyat, XX asr boshida Abdulaziz ibn Abdurahmon (1880- 1953) oxirgi bor Saudiylar davlatini tiklash uchun boshlangan harakatga rahbarlik qildi va hozirgi Saudiya Arabistoniga asos soldi. Vahhobiylik dastlab usmonli turklarning rasmiy mazhabi — hanafiyaga qarshi kurashgan bo’lsa, keyinchalik umuman xatarli, reaksion diniy-siyosiy oqimga aylandi. Vahhobiylar, odatda, terror yoki davlat to’ntarishi yo’li bilan hokimiyat tepasiga kelishga intiladilar. XIX asrning 70-yillarida Hindiston vahhobiylari Kalkutta bosh sudyasi Normanni o’ldirish bilan ―shuhrat qozondilar. 1979-yil noyabr oyida saudiyalik vahhobiychi Juhayman al-O’taybiy guruhi musulmonlarning eng muqaddas makoni — Makkai Mukarrama shahardagi ―Masjid al- Haromni bosib oldi. Masjidni egallagach, bu yerga kelishi kutilgan podshoh Xolidni bandilikka olish, oralarida bo’lgan ―Mahdiy rahbarligida umumxalq qo’zg’olonini ko’tarish, dastlab Saudiya Arabistoni, so’ng boshqa mamlakatlarda ham ―haqiqiy islom g’alabasiga erishish rejalashtirilgan edi. Saudiya hukumati fransuz jandarmeriyasining mutaxassislari yordamida ikki haftadan ortiq muddatda bu harakatni bostirdi. Rasmiy ma‘lumotlarga ko’ra, vahhobiylardan 117 kishi o’ldirildi va 143 kishi hibsga olindi, ayni vaqtda hukumat kuchlaridan 127 kishi halok bo’ldi va 451 kishi yaralandi. Vahhobiylik muayyan ko’rinishda O’zbekistonda ham paydo bo’ldi. Kommunistik mafkura barbod bo’lgach, yuzaga kelgan g’oyaviy bo’shliqni to’ldirishga harakat qilgan vahhobiylar yosh avlodni yo’ldan urishga, har qanday vositani ishga solib, o’zlari uchun ijtimoiy muhit yaratishga urindilar. Jamiyatda beqarorlikni vujudga keltirish maqsadida 1997-yil oxirida Namangan shahrida vahshiyona qotilliklar sodir etishgacha borib yetdilar. O’zbekiston hukumatining izchil siyosati Vahhobiylik ko’rinishidagi diniy ekstremizm va aqidaparastlik yoyilishining oldini oldi.