VIJDON ERKINLIGI
VIJDON ERKINLIGI — ijtimoiy-siyosiy tushuncha; har kimning o’z e‘tiqodiga ko’ra, mazkur jamiyatda mavjud ijtimoiy me‘yorlarni buzmagan holda vijdoni buyurgani bo’yicha yashash, ishlash imkoniyati. Bunda dinga munosabat masalaning bir tomoni hisoblanadi. Siyosiy jihatdan Vijdon erkinligiga demokratiya ko’rinishlaridan biri sifatida qaraladi. Yuridik nuqtai nazardan Vijdon erkinligi insonning asosiy shaxsiy huquqlari sirasiga kiradi va demokratik erkinliklardan biri hisoblanadi. O’zbekistonda u O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida, ―Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risidagi qonunda (1991-yil 14-iyunda qabul qilingan, 1998-yil 1-mayda yangi tahriri tasdiqlangan) nazarda tutilgan. Konstitutsiyaga ko’ra, ―hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e‘tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e‘tiqod qilmaslik huquqiga ega (31-modda). O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi bo’yicha, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo’l qo’yilmaydi. Ayni vaqtda yangi tahrirdagi ―Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to’g’risidagi qonunga ko’ra, dinga munosabatidan qat‘iy nazar fuqarolarning tengligi ta‘minlanadi (4-modda). Ushbu qonunda ta‘kidlanishicha, hech bir dinga yoki diniy e‘tiqodga boshqalariga nisbatan biron-bir imtiyoz yoki cheklashlar belgilanishiga yo’l qo’yilmaydi. Qonun muayyan yoshga yetgan fuqarolarning o’z diniy ehtiyojlarini qondirish uchun diniy tashkilot tuzish, oliy va o’rta diniy o’quv yurtlarida ta‘lim olish tartib-qoidalarini ham belgilab bergan. Ayni vaqtda dindan davlat va Konstitutsiyaga qarshi targ’ibot olib borishda, millatlararo adovat uyg’otishda, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalarni tarqatishda, aholi o’rtasida vahima chiqarishda hamda davlat, jamiyat va shaxsga qarshi qaratilgan boshqa g’arazli maqsadlarda foydalanishga yo’l qo’yilmaydi (5-modda).