Vahhobiylar

Vahhobiylar-Markaziy Arabistonda tarqalgan diniy siyosiy oqim. Unga Muhammad ibn Abd al-Vahhob (1703-1787) asos solgan. Islom ilohiyotiga, shariatga asoslangan. Vahhobiylarning asosiy aqidasi vahdoniyat, ya’ni yakka xudolikdir. Ular yakka xudolikni qat’iy talab etib, “dinni poklash”ga, “Muhammad sallallohu alayhi vasallam davridagi asli holi”ga keltirishga, arablarni “chinakam islom”ning yashil bayrog’i ostida birlashtirishga harakat qilganlar. Vahhobiylar musiqani, qo’shiq aytishni qoralab, ma’naviy madaniyatning taraqqiyotiga to’sqinlik qilganlar. Ular “muqaddas joylar”ga ziyorat qilishni, avliyo va mozorlarga sig’inishni, zohidlikni qoralaydilar. Ular oddiy kiyinishni, kamtarona hayot kechirishni, aysh-ishratga, ko’p boylik to’plashga berilmaslikni targ’ib etganlar.