Kenagas
Kenagas-o’zbek xalqi tarkibiga kirgan yirik qabilalardan biri. Kenagas tarkibida bir qancha kichik qabila va urug’lar bo’lgan. Shulardan eng yiriklari ochamayli, kerey, abak kirey, ovoqli, taroqli, chuyot, qayri solilardir. Kengaslarning asosiy qismi XVII-XIX asrlar davomida Qashqadaryoning yuqori havzasida yashab, Buxoro amirligining ijtimoiy-siyosiy hayotida faol qatnashganlar. Amirlik tobeligidan chiqish va o’z mustaqil bekligini o’rnatish uchun kurash olib borganlar. Bu kurash mang’itlar sulolasi hukmronligi o’rnatilgach, yana ham keskinlashdi. Mang’itlar sulolasining birinchi xoni Muhammad Rahimxon (1753-1759) bir necha o’zbek qabilalarini, jumladan, kenagaslarning katta bir qismini o’z yerlaridan majburan Hisor viloyatiga ko’chirgan. Amir Nasrullo hukmronligi davrida (1826-1860) feodal janjallar oqibatida kenagaslar yashagan Shahrisabz va Kitob bekliklari mustaqillikka erishdi. Kenagaslar o’z mustaqilligini saqlab qolish niyatida 27 yil davomida amir askarlari bilan kurashdilar. 1856 yilda Amir Nasrullo qo’shinlari Shahrisabz va Kitobni oladi, kenagaslarni rahmsiz qiradi. Omon qolganlari toqqa qochib jon saqlaydilar. Nasrullo vafotidan so’ng, 1860 yilda kenagaslar yana qo’zg’olon ko’taradilar. Bu kurashga Shahrisabz hokimi Bobobek hamda Kitob hokimi Jo’rabek boshchilik qiladi. Kenagaslar Shahrisabz va Kitobni egallaydilar. Biroq 1870 yilda chor hukumati qo’shinlari yordamida bu shaharlarda Buxoro amiri hukmronligi qaytadan o’rnatiladi.