AMIR TEMUR MAQBARASI
AMIR TEMUR MAQBARASI, Go’ri Amir — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (14-asr oxiri — 1405 yil). Xalq orasida Go’ri Amir yoki Go’ri Mir (Mir Sayyid baraka) deb nomlanib kelinadi. Maqbaraga Temuriylar sulolasiga mansub kishilar (Amir Temur, uning piri Mir Sayyid baraka, o’g’illari Umarshayx, Mironshoh va Shohrux, Nabi-ralari Muhammad Sulton, Ulugbek va boshqalar) dafn etilgan. Boburning ta’kidlashicha, dastlab Temurning nabirasi Muhammad Sulton Mirzo Samarqand qal’asi Janubida Toshqo’rg’on — Chaqarda madrasa qurdirgan. Muhammad Sulton halok bo’lgach (1403), Amir Temur uning xotirasiga maqbara qurish haqida farmon berdi. Maqbara madrasa hovlisining to’riga bunyod etilgan. Bizgacha, asosan, peshtoqli darvozasi bor hovli va maqbara binosi saqlangan. Arxeologik tadqiqotlar natijasida maqbara hovlisining ikki yonidan Muhammad Sulton qurdirgan madrasa va xonaqoh qoddiqlari topilgan. Madrasa va xonaqoh chorsi hovlining Sharqiy va g’arbiy tomonlarini egallagan. Hovlining Janubida gumbazli maqbara joylashgan. Maqbaraga Janubidan, Ulug’bek qurdirgan dalon (1424) orqali kiriladi. Maqbaraning Chortoq tarhli ziyoratxonasi baland toqi — ravoqli, tepasi yozuv hoshiyalari va ichki gumbaz bilan qoplangan. Tashki gumbazi 64 qobirg’ali, baland poygumbaz (diametri — 15 metr, balandligi 12,5 metr) ga o’rnatilgan. Ziyoratxona o’rtasidagi marmar panjara bilan o’ralgan murabba xazira sahniga qator qabrtoshlar qo’yilgan. Yuqorisi (to’ri)da Amir Temurning harbiy yurishlarida unga hamroh bo’lgan va uning yuksak hurmatini qozongan Mir Sayyid Baraka sag’anasi joylashgan. Sayyid Baraka qabrining oyoq tomoniga Amir Temurning o’zi dafn qilingan. Uning uch tomonida Muhammad Sulton, Mironshoh, Umarshayx qabrlari bor. Keyinchalik bu yerga Temurning nabiralari va evaralarining qabr toshlari qat’iy tartibda joylashtirilgan. Temur sag’anasiga qo’yilgan ko’k nefrit qabrtoshini Ulug’bek Mo’g’ulistonga qilgan yurishi vaqtida olib kelgan. Toshdagi lavhada Temurni ulug’laydigan so’zlar, uning shajarasi hamda marsiyalar o’ymakori yozuvlarda bitilgan. Hamma sag’analar Ulug’bek tomonidan yaxlit o’yma marmar panjara bilan o’ralgan. Ziyoratxonaning Sharqiy qismidagi ravoqdan zina orqali ostki qavatidagi go’rxonaga tushiladi. Go’rxona sakkiz qirrali. Undagi sag’analar yuqrri qavatda qanday joylashgan bo’lsa, bu yerda ham shu tartibda joylashgan. Ziyoratxonadagi qabrtoshlarning har biri yuksak san’at asaridir. Ziyoratxona serhasham bezaklarga boy. Bo’rtma bezak kundallar zaminiga lojuvard rang gullar ishlangan. Izorasi yashil toshdan girih shaklida terilgan. To’rtta chuqur ravoqlardagi darchalarga o’sha vaqtda rangli oyna o’rnatilgan. Oltin va kumush qandillardagi shamlar yonganda ziyoratgoh ichkarisi ulug’vor va afsonaviy tus olgan. Tashqarisi sirkor g’ishtchalar bilan bezatilgan. Gumbaz va uning poyidagi bezaklar, turli arabiy yozuvlar alohida ko’zga tashlanadi. Maqbara darchalarida yog’ochdan ishlangan nafis panjaralar, eshiklarida esa murakkab qo’sh zaminli o’ymakor bezaklar bo’lgan. Maqbaraning g’arbiy tomoniga baland peshtoq yondashgan. Taxminlarga ko’ra bu peshtoq qoldiklari 17-asrga mansub. Maqbaraning mutanosiblik nisbati, naqshlari, turli bezaklari katta mahorat bilan bajarilgan. Tashqi peshtoq darvozasining tepasida me’mor — usta “Muhammad binni Mahmud al-Banno Isfaxoniy” nomi saqlangan. Keyinchalik maqbara bir necha bor ta’mirlandi, gumbazi qayta tiklanib, xonaqoh va madrasa qoldiqlari kavlab topildi, ichki va tashqi bezaklar ta’mir etildi. 1941 yilda musulmon odatiga zid ravishda Amir Temur va Ulug’bek qabrlari ochib tekshirilib, ular ruhlari bezovta etildi.