Do’iy (1824-1909)
Do’iy (taxallusi; asl ism-sharifi Xoja Muhammad Yusuf Oxund) (1824 — Xiva — 1909) — o‘zbek shoiri. Xiva va Buxoro madrasalarida tahsil ko‘rgan. Xivadagi Arab Muhammadxon madrasasida mudarris, shahar jome masjidida voiz (va’z aytuvchi) bo‘lib xizmat qilgan.
Chin sevgi va sadoqat, muruvvat va adolat, haqgo‘ylik va zamona nosozligidan shikoyat Do’iy she’rlarining asosiy mavzuini tashkil etadi.
Do’iy adabiy merosining umumiy hajmi 5 ming misraga yaqin, 2 ta devoni bor. Unda Do’iy bitgan g‘azallar, Navoiy, Feruz, Rojiy va Munis g‘azallariga muxammaslar hamda mustahzod, murabbalar jamlangan. Ayrim g‘azal va muxammaslari 20-asr boshlarida Xivada tuzilgan ko‘pgina bayoz va tazkiralarda ham uchraydi. Mazkur qo‘lyozmalar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi (inv. № 906/III, 908/11, 1152, 1172, 2036, 1143, 1195, 1128, 1131 va b.).