Ibrohim Rahim (1916-2002)
Taniqli yozuvchi va jurnalist Ibrohim Rahim 1916 yilning 15 oktyabrida Farg‘ona viloyatining Quva tumanida dunyoga kelgan. Uch yoshida ota-onasidan yetim qolib, onasi To‘xtabibi tarbiyasida voyaga yetadi. Adabiyotga ilk ixlos ham ona tufayli uyg‘onadi. Ana shu ixlos uni 1933 yilda Toshkentga yetaklab keladi. Ibrohim Rahim dastlab «Kolxoz yo‘li» nomli gazetada faoliyat ko‘rsatadi. Uning ilk asarlari shu davrdan boshlab dunyo yuzini ko‘radi. «Lenin uchquni» (hozirgi «Tong yulduzi»), «Yosh leninchi» («Turkiston») gazetalarida uning she’r, ocherk, hikoyalari bosiladi. U ikki urushda — Finlyandiya, Germaniya fashizmi bilan bo‘lgan janglarda (1937—1945) qatnashgan.
Ibrohim Rahim o‘zbek tilida chiqadigan front gazetalariga muharrirlik qilgan. Jangchilarimizning otashin vatanparvarliklarini aks ettiruvchi ocherklar, hikoyalar, xabarlar yozgan.
1946 yilda harbiy xizmatdan qaytgan adib respublikamizdagi gazeta va jurnal muharririyatlarida ishlab keldi.
Ibrohim Rahim O‘zbekiston Radio komitetida (1946— 1947) mas’ul lavozimda xizmat qilgan, Partiya Oliy maktabida (1947—1950) tahsil ko‘rgach, «Qizil O‘zbekiston» gazetasi muharriri (1950—1961), «O‘zbekfilm» kinostudiyasi rahbari (1960—1966), «Guliston» (1966—1970), «Mushtum» (1972—1982) jurnallarining bosh muharriri vazifalarida ishlagan.
Yozuvchining ijodiy faoliyati 1938 yildan boshlanadi. Birinchi yirik asari chegarachilar hayotidan yozilgan «Bahodir» (1939) dostonidir. Ibrohim Rahim 1953 yili «Hayot buloqlari» romanini yozdi. Keyinchalik bu asar adabiy tanqidchilar fikr va mulohazalari asosida qayta ishlanib, «Ixlos» (1958) nomi bilan chop etildi. Ibrohim Rahim «Chin muhabbat» (1958), «Fidoyilar» (1972), «General Ravshanov» (1985) kabi romanlarida Ikkinchi jahon urushi qahramonlarining jangovar hayotini aks ettirdi.
1966 yilgi Toshkent zilzilasi va uning oqibatlarini mardonavor tugatish yozuvchining «Tinimsiz shahar» (1968) romaniga mavzu bo‘lib xizmat etgan. Uning «Taqdir» romani esa yangi shahar qurilishiga bag‘ishlangan. Muallifning «Hilola» (1960) qissasi xotin-qizlarning jamoa xo‘jaligidagi o‘rni, ularni rahbarlik lavozimlariga ko‘tarish, jamoa xo‘jaligi iqtisodiyotini yuksaltirish singari davrning muhim muammolarini badiiy hal qilishga qaratilgan. Yozuvchining «Zangori kema kapitani», «Olovkor» (1960) qissalarida ham kishilarimizning yuksak ma’naviy qiyofasi, mehnatdagi qahramonliklari aks etgan. «Oqibat» nomli romani uchun yozuvchiga Hamza nomidagi respublika Davlat mukofoti berilgan (1983).
Ibrohim Rahim «Jonim fido» va «Chaqmoq» nomli dramalar ham yaratgan (1974). «Chaqmoq»da Belorussiya o‘rmonlarida nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashgan o‘zbek yigiti Mamadali Topiboldiyev obrazi yaratilgan. Adib «Farhodning jasorati» kinofilmining avtori hamdir.
Ibrohim Rahim O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi unvonlari bilan taqdirlangan.
O‘zbekistonning milliy mustaqilligining besh yilligi va tug‘ilgan kunining 80 yilligi munosabati bilan «Do‘stlik», so‘ng «El-yurt hurmati» kabi ordenlari bilan mukofotlangan.