AMEN
AMEN — Frantsiya shimolidagi shahar. Somma daryosi bo’yida. Somma departamentining ma’muriy markazi va Pikardiya tarixiy o’lkasining eng katta shahri. Aholisi 136 ming kishi (1990). Temir yo’l tuguni. To’qimachilik sanoati (ipgazlama, duxoba va trikotaj to’qish), metallurgiya, mashinasozlik va kimyo zavodlari bor. Qadimda Amen (Samarobriva) da gallarning ambian qabilasi (shahar nomi shundan) yashagan. Amen tarixiy voqealarga boy. Shahar 2-jahon urushi davrida qattiq shikastlangan. Uni qayta tiklashda tarixiy qiyofasi asrab qolingan. Frantsiyada eng katta Notrdam gotika sobori (13-15-asrlar) hamda 13-18-asrlarga oid boshqa me’moriy yodgorliklar saqlangan.