ANGINA

ANGINA (lotincha angina — bo’g’ilish) — tanglay murtak bezlarining yalliglanishi bilan kechadigan o’tkir infektsion kasallik; ko’proq streptokokk, stafilokokk va boshqa mikroblar qo’zg’atadi. Ular halqumga aksari Angina bo’lgan bemor foydalangan uy-ro’zg’or buyumlari (masalan, yuvilmagan idish-tovoq va boshqalar) dan tushadi. Ko’pincha halqumda bo’ladigan va odatda kasallik qo’zg’atmaydigan mikroblar ayrim noxush omillar ta’sirida, masalan, kishi sovqotganda yoki harorat o’zgarganda kasallik qo’zg’atishi mumkin. Ba’zan oyoqning ho’l bo’lishi, muzqaymoq yeyish, sovuq suv ichish, muzdek suvda cho’milish va boshqa hollarda Angina bilan og’rish kuzatiladi. Halqumga muntazam tushib turadigan tutun, chang, spirtli ichimliklar, shuningdek burun orqali nafas olishni qiyinlashtiradigan adenoidlar va burun halqumning boshqa kasalliklari Anginaga sabab bo’lishi mumkin. Burun va yondosh bo’shliqlarining yallig’lanishi (masalan, gaymorit), shuningdek og’iz bo’shlig’idagi yiringli yallig’lanishlar (chirigan tishlar) ham Anginaga sabab bo’ladi. Kasallik to’satdan boshlanadi. Bemorda madorsizlik, bosh og’rig’i, tomoq qaqrab og’rishi, achishishi, yutinganda og’riq kuzatiladi. Harorat ko’tariladi (38-41°); murtak bezlari qizarib, ular yuzasida yiringli qarash paydo bo’ladi. Angina bilan tez-tez og’rish natijasida murtak bezlari surunkali yallig’lanadigan bo’lib qoladi. Anginaning kataral, follikulyar, yiringli va boshqa xillari farq qilinadi. Mahalliy (peritonzillyar abssess, o’rta quloqning o’tkir yallig’lanishi) va umumiy (bo’g’imlar, yurak, buyrakning zararlanishi) asoratlar qoldirishi mumkin. Vrach ko’rsatmalarini bekamu-ko’st bajarish tez sog’ayib ketishga imkon beradi va asoratlar avj olishiga yo’l qo’ymaydi.