ANDIJON
ANDIJON—Andijonviloyatidagi shahar. Viloyatning ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. O’zbekistonning yirik industrial shaharlaridan biri. Shahar Farg’ona vodiysining sharqida. Andijonsoy yoqasida, dengiz sathidan 450 metr balandlikda joylashgan. Iyulning o’rtacha temperaturasi 27° — 28°, yanvarniki — 3°. Aholisi 333,4 ming kishi (2000). Maydoni 74,3 kilometr kvadrat. Andijon shahri shimoliy g’arbdan Oltinko’l tumani g’arbdan Buloqboshi tumani va Janubi-sharqdan Andijon tumani bilan chegaradosh. Shaharning paydo bo’lishi va nomining kelib chiqishi haqida turli xil afsona va rivoyatlar mavjud. Ayrim manbalarda shahar nomi “Andi”, “Adoq” (“Azoq”) kabi urug’ atamalari bilan bog’liqligi ko’rsatilgan. Bir vaqtlar bu yerda andilar (hindlar) yashagan va shaharning nomi “Andukon” deb atalgan, degan rivoyat ham bor. Andijonning Ark qismida (hozirgi Bobur mahallasi) va shahristonda olib borilgan arxeologik qazishlar natijasida 7 — 8 – asrlarga oid buyumlarning topilishi uning O’rta Osiyodagi ko’hna shaharlardan biri ekanligini tasdiqpaydi. O’rta asrlarda shahar Arki mudofaa devorlari bilan o’rab olingan. Arab xalifaligi davrida Andukon deyilgan. Andijon ilk bor yozma manbalarda 10-asr Arab sayyohlari Ibn Havqal va Muqaddasiy asarlarida Andukon shaklida qayd etilgan. 11-asrda shahar Koraxoniylar hukmronligi ostiga o’tgan. 11-12 – asrlarda Farg’ona vodiysining yirik savdo va hunarmandchilik markaziga aylangan. Shahar mo’g’ullar istilosi davrida vayron etilgan va manbalarda qayd etilishicha, 13 – asr oxirlarida mo’g’ul xonlari bo’lmish Tuva va Xaydu tomonidan qayta tiklangan. Andijon 14-asr 70-yillarida Farg’ona vodiysi bilan birga Amir Temur davlati tarkibiga kirgan. 15-asr 2-yarmidan Andijon Temuriylar davlatiga qarashli Farg’ona viloyatining poytaxti bo’lgan. Ayniqsa Umarshayx Mirzo va uning o’g’li Zahiriddin Muhammad Bobur davrida shaharda xo’jalik, fan, madaniyat rivoj topgan. Xususan, Bobur o’zining mashhur “Boburnoma” asarida Andijonni shunday ta’riflaydi: “Oshlig’i vofir, mevasi farovon, qovun va uzumi yaxshi bo’lur. Qovun mahalida poliz boshida qovun sotmoq rasm emas… Andijon noshpotisidan yaxshiroq noshpoti bo’lmas. Movarounnahrda Samarqand va Kesh (hozirgi Shahrisabz) qo’rg’onidin so’ngra mundin ulug’roq qo’rg’on yo’qtur. Uch darvozasi bor… To’qqiz tarnov suv kirar. Bu ajabdurkim bir yerdan ham chiqmas… Eli turkdur”… 1504 yildan Andijon Shayboniylar qo’l ostiga o’tgan. 1710 yilda Qo’qon xonligi tarkibiga kirgan va Rossiya Qo’qon xonligini butunlay bosib olguniga qadar (1876 yilgacha) Andijon Bekligining qarorgohi bo’lgan. Shaharda mahalliy xalqdan tashqari Sharqiy Turkiston (Sintszyan)dan kelganlar ham yashagan. Shahar o’zining hunarmandchilik buyumlari, ip va ipak gazlamalari bilan shuhrat qozongan. 19-asr o’rtalarida Andijon 4 dahaga bo’lingan edi. Har bir dahaning qozisi, mingboshisi bo’lgan. Dahalar oqsoqol boshliq mahallalarga bo’lingan. 1877 yilda shaharga yondosh Xoqon (xaqan) qishlog’i aholisi ko’chirilib o’rnida rus bosqinchilari uchun yangi shahar qurila boshladi. Shahar Rossiya bilan temir yo’l orqali bog’langach (1899), qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan dastlabki sanoat korxonalari vujudga keldi. 1898 yil Andijonda podsho hukumati ma’murlarining zulmiga qarshi Dukchi Eshon — Muhammadali xalfa Sobir o’g’li rahbarligida xalq qo’zg’oloni bo’lib o’tdi. Qo’zg’olon nihoyatda shafqatsizlik bilan bostirildi, ko’plab begunoh odamlar o’ldirildi, qo’zg’olon tashkilotchilari qatl etildi. Andijon kuchli seysmik zonada joylashgan. 1902 yil 16 dekabrda 9 balli zilzila bo’lib, mahalliy aholi uylari butunlay vayron bo’ldi. 1916 yil Andijon mehnatkashlari podsho hukumatining mardikorlikka olish siyosatiga qarshi xalq qo’zg’olonida faol qatnashdi. Shaharda 48 zamonaviy yirik sanoat korxonalari, 63 qurilish tashkilotlari va mahalliy sanoat korxonalari ishlab turibdi. “Andijonmash”, “Andijonirmash” kabi aktsiyadorlik jamiyatlari paxta zavodlari uchun uskunalar, qishloq xo’jaligi mashinalariga ehtiyoj qismlar, nasoslar, universal yuklagichlar, aylanma pluglar, nogironlar uchun aravachalar va boshqa anjomlarni ishlab chiqaradi. Andijonda ishlab chiqarilgan dizel va nasoslar, universal yuklagichlar boshqa mamlakatlarga eksport qilinadi. Andijon korxonalari elektronika (“Elektrodvigatel”, “Elektroapparat” aktsiyadorlik jamiyatlari) mashinalari ham ishlab chiqaradi. “Biokimyo” zavodida etil spirti, efiroaldegidnal fraktsiya, uglekislota va chorva ozug’i tayyorlanadi. Tikuvchilik va poyabzal fabrikalari bor. Mahalliy sanoat korxonalari ham poyabzal, bezakli gazlama, mebel va uyro’zg’or buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Andijonda oziq-ovqat sanoatining barcha tarmoqlari rivojlangan. Shaharda 50 qo’shma korxona mavjud (AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Italiya, Qirg’iziston va boshqalar bilan hamkorlikda). Ulardan 5 tasi “O’zDEUavto” qo’shma korxonasiga avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradi. Shaharda yildan yilga yangi qo’shma korxonalar ishga tushirilib, zamonaviy va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yo’lga qo’yilmoqda. Shaharda 3000 taga yaqin kichik va o’rta biznes sub’yektlari, 7000 dan ziyod xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanuvchilar bor: Mustaqillik yillarida shaharda bunyodkorlik ishlari rivoj topdi. Andijon viloyati hokimiyati binosi oldida shaharning Markaziy maydoni bunyod etilib, Bobur nomi berildi (1991) va bu yerga uning ot minib turgan haykali o’rnatildi. Maydon atrofida Oxunboboyev nomidagi viloyat teatr binosi, Bobur nomidagi viloyat kutubxonasi, Abbos Bakirov nomidagi kinoteatr, Andijon tibbiyot institutining bosh binosi joylashgan. Shahar markazidan o’tgan eng katta ko’cha — Alisher Navoiy shoh ko’chasidir. Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog’i 1999-2000 yillarda qayta ta’mirlanib, sharqona shaklda “Ark” darvozasi bunyod etildi. Bog’ ichida ramziy burgutga uyg’unlashtirib qurilgan tomosha inshooti —amfiteatr nihoyatda mahobatli ko’rinishga ega. Endilikda viloyat va shaharning eng katta tantanalari shu yerda o’tkaziladi. Shaharda keyingi yillarda zamonaviy me’morlik an’analarida qurilgan tennis korti, “Navro’z” stadioni, aeroportdagi deputatlarni kutib olish va jo’natish zali, “Avtotexxizmat”, Cho’lpon bog’i, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, “Asakabank” shahar moliya bo’limi binosi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining bo’limi binolari, Andijon tibbiyot instituti, 4 kasb-hunar kolleji, 1 akademik litsey, “DEU Yunitel” qo’shma korxonasi, ko’p qavatli turar joy binolari va ko’plab supermarket, savdo shaxobchalari bunyod etildi. Shaharda 25 transport va 5 aloqa korxonasi, 10 kommunal tashkilotlari mavjud. Transport vositalari qatnaydigan ko’chalar soni 365 ta bo’lib, ularning uzunligi 770 kilometrni tashkil etadi. Shaharda “O’zdunrobita”, “Kamalak— TV” va “DEU Yunitel” qo’shma korxonalar xizmatlari evaziga aholi uyali hamda peydjing aloqa vositalaridan foydalanmoqda. Shaharda 2600 ga yaqin savdo va 700 dan ziyod maishiy xizmat ko’rsatish shaxobchalari mavjud. Andijon mamlakatning fan, madaniyat markazlaridan biriga aylandi. Shaharda 4 institut, 21 o’rta maxsus, kasb-hunar ta’lim o’quv yurtlari, 47 umumta’lim maktabi va 86 maktabgacha tarbiya muassasasi mavjud. 1999/2000 yillarda institutlarda 8816 talaba, o’rta maxsus o’quv yurtlarida 14352, umumta’lim maktablarida 68630 o’quvchi ta’lim oldi. Shaharda 3 teatr, 25 ommaviy kutubxona, 6 klub, 5 kinoteatr, 5 madaniyat va istirohat bog’i, 4 madaniyat uyi, 3 muzey, 3 musiqa va san’at maktabi mavjud (2000). 9 sport maktabi, 10 stadion, 4 suzish havzasi, 1 tennis korti (14 maydon), 62 sport zali va bir qator sport maydonlarida aholi sport bilan shug’ullanadi. Ad. Shokarimov S. Andijon, T., 2000. Baxtiyor Ziyaev.
ANDIJON — Andijon viloyati Buloqboshi tumanidagi shaharcha. Farg’ona vodiysining Janubiy-Sharqiy qismida. Asaka temir yo’l stansiyasidan 16 kilometr. Aholisi 3500 kishi (2000). Andijon bu yerdagi neft konining o’zlashtirilishi munosabati bilan 1941 yilda vujudga kelgan. Andijonda neft quduqlari uskunalarini ta’mirlash shaxobchalari, neft koniga texnologiya-transport xizmati ko’rsatish boshqarmasi faoliyat ko’rsatadi. 2 umumiy ta’lim maktabi, akademik litsey, tibbiyot-sanitariya qismi bor (2000).