Vazir
Vazir (arabcha-yuk ko’taruvchi)-o’rta asrlarda Yaqin va O’rta Sharq davlatlarida, jumladan, O’rta Osiyo xonliklarida hukumat idorasi yoki kengashi (devon) boshlig’i. Vazirlar vaziri a’zam rahbarligida davlatni idora etish vazifalari bilan shug’ullangan. Vazirlar podshoh, xon viloyat hokimligiga tayinlangan shahzoda va xonzodalarning yordamchilari hisoblangan. Arab xalifaligida Vazir lavozimini dastlab xalifa Al-Mansur (754-775 yillar) joriy etgan. Somoniylar davrida 10 devon bo’lib, ularni xojayi buzurg, sohib barid, mushrif, vakil, muxtasib va boshqa Vazirlar boshqargan. Amir Temur va uning vorislari zamonida saltanatning markaziy ma’muriyatini bosh Vazir-devonbegi boshliq 7 Vazirdan iborat arkoni davlat boshqargan. Ular: 1) mamlakat va ra’uyat ishlari; 2) harbiy ishlar; 3) tijorat; 4) moliya ishlari bo’yicha Vazirlar sanalib, yana 3 nafar maxsus Vazir chegara viloyatlari va tobe mamlakatlardagi ishlarni nazorat qilib turgan. Mazkur 7 Vazir devonbegiga bo’ysungan va ular bilan bamaslahat davlatni muhim moliyaviy ishlarini olib borishgan. Xiva xonligida Vazir yuqori mansabdor shaxs sanalib, vazifasi soliq to’lash, qo’shni xonliklar bilan aloqa qilish, amaldorlarni tayinlash va hokazolardan iborat bo’lgan.