Konung
Konung (qadimgi norvcha konungr)-qadimgi skandinavlarda oliy hukmdor ma’nosini anglatgan atama. Rivojlangan o’rta asrlarda qirol tushunchasini ifodalagan. Konunglar yarllar orasidan yetishib chiqqan. Ularning paydo bo’lishi milliy davlat birlashmalari yuzaga kelishi bilan bog’lanadi. Davlat birlashmalari yarllarning hukmronlik uchun kurashi natijasida shakllangan. Davlat mustahkamlanib borgani sari 1 ta yarl boshqalarining ustidan hukmronlik o’rnatgan va ular mustaqil hukmdorlardan Konunglarning vassallariga aylangan. Xristianlik qabul qilingunga qadar Konung 3 ta vazifani bajarganL ting jarayonida hakamlik qilgan, urush paytida qo’shinni boshqargan, diniy marosimlarda kohin rolini o’tagan. Konung hokimiyatini meros qoldirishi mumkin edi, faqat buning uchun xalqning qo’llab-quvvatlashi talab etilgan. Dastlabki davrlarda Konungga bitta yoki bir nechta kema, drujina (qo’shin) va katta chek yer-votchina tegishli bo’lgan. Votchin ko’pincha feodal urushlarga olib kelardi. Ba’zi Konunglar yersiz bo’lib, kemada ko’chmanchi hayot kechirgan, ularni sekonunglar (dengiz Konunglari) deb atashgan.