Malik
Malik (arabcha-ega, hukmron)-islomgacha bo’lgan arab davlatlari (G’assoniylar, Lahmiylar)da hukmdor. Markaziy Arabistondagi qabilalar konfederatsiyasi va Janubiy-Sharqiy Arabistonning ba’zi qabilalari boshliqlari, shuningdek, Xadramavt hududidagi kinda qabilasi zodagonlari vakili. Islom vujudga kelishi bilan, “Malik” atamasi musulmon bo’lmagan hukmdorlarga (monarx ma’nosida) nisbatan qo’llanildi. Arab xalifaligi parchalanib ketgach, xalifalik hududida vujudga kelgan mustaqil davlatlarning hukmdorlari Malik deb atala boshlandi. Sosoniylar davriga oid “Tansara maktublari” asari (260 yil)da aytilishicha, Malik unvoni shahanshoh tomonidan faqat shoh xonadoni a’zolari va chegara hududlaridagi “alanlar, g’arbiy viloyatlar, Xorazm va Kobul hokimlari”ga berilgan. Xorazmshohlar davlatida Malik harbiy unvoni 10 ming kishilik otliq qo’shinga qo’mondonlik qilgan kishilarga berilgan (masalan, A’zam Malik, Temur Malik va boshqalar). Bu unvonga kamdan-kam hollarda aholining quyi qatlamiga mansub kishilar sazovor bo’lishgan. Janglarda alohida jasorat ko’rsatgan Maliklarga xon unvoni berilgan. Mo’g’ullar bosib olgan ba’zi mamlakatlarda (XIII-XIV asrlar) mahalliy hukmdorlar Malik deb atalgan. Mo’g’ullar hukmronligi davrida Armaniston va Ozarbayjon, Safaviylar davlatidagi yarim mustaqil davlatlarda Malik-yirik mulkdor, mahalliy qadimgi musulmon va xristian zodagonlarining ajdodi. Afg’on qabilalarida Malik-qabila yoki urug’ boshlig’i; qishloq yoki mahalla oqsoqoli. Hozir Malik-ba’zi arab davlatlari (Iordaniya, Marokash)ning qiroli (podshohi).