Shavkat Buxoriy

Shavkat Buxoriy (taxallusi; ismi Muhammad Ishoq) (17-asrning 20-yillari, Buxoro — 1695/1699, Isfahon) — forstojik shoiri. Buxoroda tahsil olgan. Sarroflik bilan shug’ullangan. Hirotga kelib, shahar hokimi Safoqulixon Shom-Lu va uning vaziri Mirzo Sa’duddin xizmatida bo’lgan. Dastlab nozik taxallusi bilan she’rlar yozgan. Shavkat Buxoriy o’z davrining yetuk shoiri, hind uslubining namoyandalaridan bo’lgan, nafaqat zamondosh, balki o’zidan keyingi shoirlarga ham ta’sir ko’rsatgan. Maleho Samarqandiyning “Muzakkir ulashob”, Mirzo Muhammad Tohir Nasrobodiyning “Tazkirai Nasrobodiy”, G’ulomalixon ozod bilgiromiyning “xizonai Omira”, Shamsiddin Somiyning “Qomus ula’lom” tazkiralarida shoir haqida ma’lumot berilib, she’rlaridan namunalar keltirilgan. Isfahonda u bilan 7 oy davomida muloqotda bo’lgan Maleho o’z tazkirasidan o’rin olgan 202 shoir ichidan faqat Shavkat Buxoriyga batafsil va yuksak baho bergan. U an’anaviy uslubni yangilagan, ohorli va go’zal fikru tashbexlarni o’ziga xos usulda badiiy yuksak ifodalagan. An’anaviy ishq mavzui bilan birga, shoir ijodida tarjimai hol ruhidagi, vatandan va do’stlardan judolik, dunyo, zamon va odamlardan shikoyat ohangidagi she’rlar yetakchilik qiladi. Hayotsevarlik, pandu nasihat va boshqalar ham shoir ijodining asosiy xususiyatlaridan hisoblanadi. Merosining asosiy qismini qasida, g’azal, qit’a va ruboiylar tashkil etadi. 6221 baytdan iborat she’riy merosi to’planib, 1987 yilda Dushanbada nashr qilingan. Devonining nusxalari Toshkent, Dushanba, Moskva, Sankt-Peterburgdagi qo’lyozma fondlarida saqlanadi. As: Buxoriylar bo’stoni, T., 1997. Ad..To’xsanov Q., Shavkat Buxoriy she’riyatining uslubi va badiyati, Samarkand, 1998.