Shayxzoda, Maqsud Shayxzoda
Shayxzoda, Maqsud Shayxzoda [1908.25.10 (7.11), Ozarbayjon Respublikasi, Ganja viloyati, Oqtosh shahri — 1967.19.2, Toshkent] — shoir, dramaturg, adabiyotshunos, tarjimon, pedagog. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1964). Bokudagi doril-mualliminni tugatgan (1925). Dastlab Darbanddagi lbosqich Ozarbayjon maktabida, Bo’ynoqdagi ta’lim va tarbiya texnikumida o’qituvchi bo’lib ishlagan. 1927 yilda aksilinqilobiy tashkilot a’zosi sifatida hibsga olinib, 1928 yil fevralda Toshkentga surgun qilingan. Shayxzoda O’rta Osiyo untining Sharq fakultetida qisqa muddat o’qigani (1928)dan keyin “Sharq haqiqati” (1929-32), “qizil O’zbekiston”, “yosh leninchi” gazetalari (1932), “Guliston” jurnali (1933-34) tahririyatlarida xizmat qilgan. 1933 yil Bokudagi pedagogika institutining barcha kurslari uchun imtihon topshirib, fan qo’mitasi qoshidagi aspiranturaga o’qishga kirgan (1934). Ayni paytda til va adabiyot institutida ilmiy xodim bo’lib ishlagan (1935— 38). 1938 yildan umrining oxiriga qadar dastlab kechki, so’ngra kunduzgi pedagogika institutlarida o’zbek adabiyoti tarixidan ma’ruza o’qigan. Dastlabki she’riy to’plami — “loyiq soqchi” (1932). Shundan keyin Shayxzodaning “O’n she’r” (1932), “Undoshlarim” (1933), “Uchinchi kitob” (1934), “Jumhuriyat” (1935), “o’n ikki”, “yangi devon” (1937), “Saylov qo’shiklari” (1938), “kurash nechun?”(1942), “jang va qo’shiq”, “ko’ngil deydiki…”(1943), “o’n besh yilning daftari” (1947), “yurt she’rlari” (1948), “Zamon torlari”, “Olqishlarim” (1949), “Yillar va yo’llar” (1961), “she’rlar” (1964) va boshqalar she’riy to’plamlari nashr etilgan. Shayxzodaning dastlabki ijodida va qisman 50-yillardagi ayrim she’rlarida Ozarbayjon she’riyatiga xos ohanglar, minbar she’riyat belgilari ustuvorlik qilgan. Ammo Shayxzoda o’zbek mumtoz va zamonaviy she’riyatining tili va uslubini egallagani sayin uning she’rlarida O’zbekona musiqiy ravonlik kuchaya bordi. Shayxzoda voqelikka faol munosabatda bo’lishga intilib, xalq va mamlakat hayotida ro’y bergan muhim voqealarni tasvirlashga, mehnat va kurash qahramonlari obrazini yaratishga alohida e’tibor berdi. U shu maqsadda Doston janriga qo’l urib, “O’rtoq mulk” (1933), “chirog'”, “o’rtoq”, “Meros”, “tuproq va haq” (1936), “ovchi qissasi”, “Iskandar Zulqarnayn” (1940), “O’n birlar”, “Jenya”, “oqsoqol” (1943), “Axmadjonning hikmatlari”, “uchinchi o’g’il” (1944), “Nurmat otaning tushi” (1947) singari liroepik asarlar yozdi. Shoirning 30—40 yillardagi she’riyatiga ham, keyingi ijodiga ham xos muhim fazilatlardan biri syujetlilikdir. Shayxzoda lirik syujet yaratishga moyil shoir sifatida xalq afsonalari va tarixiy o’tmish sahifalariga, shuningdek, zamondoshlari hayotiga murojaat etib, o’z she’rlariga balladaga xos poetik belgilar va turli poetik tafsillarni olib kirgan, so’zning she’riy qurilmadagi mavqeini oshirish choralarini ko’rgan. Shu bilan birga Shayxzoda qofiyaning yangi badiiy imkoniyatlarini kashf etib, o’zbek she’riyatiga yangi vazn va shakl ko’rinishlarini olib kirgan. Shoir ijodiga xos bu tamoyil uning, ayniqsa, “Toshkentnoma” (1958) lirik dostonida yorqin ifodasini topgan. Shayxzoda 2-jahon urushi yillarida yozgan “Jaloliddin Manguberdi” (1944) tragediyasida o’z yurtining ozodligi va mustaqilligi uchun mugul istilochilariga karshi kurashgan so’nggi Xorazm shohining jangovar jasoratini tarixan aniq va haqqoniy tasvirlagan. “Mirzo Ulug’bek” (1961) tragediyasida Shayxzoda bosh qahramon obrazini Amir Temur va temuriylar davrida o’zbek xalqi hayotida ro’y bergan Uyg’onishning yorqin timsoli sifatida aks ettirgan. Shekspirona uslubda yozilgan bu asarda Shayxzoda Ulug’bek hayotining so’nggi 2 yilini tasvirlash orqali uning jahon fani tarixidan munosib o’rin egallagan mashhur olim, adolatparvar va haqiqatparvar davlat arbobi va ayni paytda saltanatning mutaassib kuchlari oldida ojiz bir inson bo’lganini ham haqqoniy ko’rsatgan. Shekspirona ko’lam va harorat bilan yozilgan “Mirzo Ulug’bek” tragediyasining maydonga kelishi o’zbek dramaturgiyasi va teatri tarixida katta voqea bo’ldi. Shayxzoda stsenariysi asosida rejissyor L. Fayziyev tomonidan yaratilgan “Ulug’bek yulduzi” (1964) filmi esa keng xalq ommasiga ulug’ o’zbek olimi va uning fojiali taqdiri bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Shayxzoda she’riy ijodida, asosan, zamonaviy mavzularda qalam tebratdi, dramaturgiyasida esa, tarixiy utmishga teran nazar tashlab, undagi zamonaviy muammolarni yoritishga yordam beruvchi siymolar va voqealarga yangi badiiy hayot bag’ishladi. U umrining sunggi yillarida Beruniy to’g’risida so’nggi sahna asarini yozdi. Shayxzoda, badiiy ijodning barcha tur va janrlarida asarlar yozibgina qolmay, adabiyotshunos va tanqidchi sifatida ham samarali ijod qilgan. 1941 yildayoq “Genial shoir” monografiyasini e’lon qilgan Shayxzoda umrining sunggi kunlariga qadar Navoiy hayoti va ijodi bilan muttasil shug’ullanib keldi. U Navoiyning 500 yilligi munosabati bilan yozgan “Navoiyning lirik qahramoni haqida” (1948) maqolasidan keyin “Navoiy lirikasining ba’zi bir poetik usullari haqida” (1959), “Ustodning san’atxonasida” (3 qismli maqola, 1965-66), “g’azal mulkining sultoni” (1966), “tazkirachilik tarixidan” (1968) singari yirik ilmiy tadqiqotlar yaratib, navoiyshunoslik fanini yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqdi. Shayxzoda adabiyotshunos va tanqidchi sifatida ham samarali qalam tebratib, o’zbek xalq og’zaki ijodining Fozil shoir singari namoyandalari, “Alpomish”, “Shirin bilan shakar” kabi asarlari, o’zbek mumtoz va zamonaviy adabiyotining Bobur, Muqimiy, Furqat, Oybek, G’afur G’ulom, Hamid Olimjon, jahon adabiyotining Nizomiy Ganjaviy, Shayxzoda Rustaveli, A.S. Pushkin, N.A. Nekrasov, A.N. Ostrovskiy, T.G. Shevchenko, A.P. Chexov singari namoyandalariga bag’ishlangan asarlar yozdi. Pedagog olim va shoir sifatida esa talaygina shoir, adabiyotshunos va tanqidchilar avlodining yetishib chiqishiga munosib hissa qo’shdi. Shayxzoda adabiy bilim doirasining kengayishi, ijodining mumtoz jahon yozuvchilari badiiy tajribasi bilan boyishida tarjima muxim rol o’ynadi. U Sh. Rustavelining “yo’lbars terisini yopingan Paxlavon” (hamkorlikda) eposi, U. Shekspirning sonetlari, A.S. Pushkinning she’rlari, “mis chavandoz” dostoni, “Mosart va Saleri” tragediyasi, M.Yu. Lermontovning she’rlari va “Kavkaz asiri” dostonini, shuningdek, Nizomiy, Fuzuliy, Mirza Fatali Oxundov, Ezop, Esxil, Gyote, Bayron, Mayakovskiy, Nozim Hikmat va boshqa yozuvchilarning ayrim asarlarini o’zbek tiliga katta mahorat bilan tarjima qildi. Shayxzoda 1952 yilda NKVD xodimlari tomonidan hibsga olinib, 25 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan va 1954 yilda ozod etilgan. As: asarlar [8 j.li], 1 6J., T., 1969— 74; Xiyobon, T., 1968. Ad.: Zokirov M., Maqsud Shayxzoda. Adabiytanqidiy ocherk, T., 1969; Yusuf Shomansur, Shayxzoda — Bunyodkor shoir, T., 1972; G’afurov I., O’rtoq shoir. Maqsud Shayxzoda ijodiyoti, T., 1975; Maksud Shayxzoda zamondoshlari xotirasida, T., 1983; XX asr o’zbek adabiyoti tarixi, T., 1999. Naim Karimov.