ANJIR

ANJIR (Ficus carica L.) — tutdoshlar (anjirgullilar) oilasiga mansub subtropik meva turi. Turkiya, Jazoir, Yevropaning Janubda, AQShda katta maydonlarni egallaydi, Kavkaz, O’rta Osiyo, Qrimda ham yetishtiriladi. Yovvoyi holda O’rta dengiz bo’yi, kichik Osiyo, Eron, Shimoliy-g’arbiy Hindistonda o’sadi. Anjir juda qadimdan madaniylashtirilgan o’simlik hisoblanadi (Osiyoda 5 ming yildan, Yevropada kamida 2 ming yildan beri). Botanik tavsifi. Anjir daraxtining bo’yi 4 — 10 metr, shoxlari qalin, yoyilib o’sadi, novda, barg va mevasida sutsimon shira bor. Bargi yirik, 3 — 7 bo’lmali, ba’zan bo’lmasiz, to’q yashil, orqasida tuklari bor. Bir yilda 2 — 3 marta gullaydi (aprel — may, iyun — iyul, avgust). Mayda bir jinsli gullardan iborat to’pguli bo’lajak “meva” ichida bo’lib, mayda blastofaga arilar yordamida changlanadi, ba’zilari esa changlanmasdan (partenogenez) va urug’ tugmasdan meva qiladi. Mevasida 20 — 24% qand, 0,5 — 4,2% pektin moddalari, 3,4 — 7,4% klechatka, 0,1% gacha organik kislotalar, karotin, kaltsiy, temir, fosfor va boshqalar bor. Biologik xususiyatlari. Anjir asosan bir yillik pishgan novda qalamchalaridan ko’paytiriladi. 2 — 3 yoshdan meva tugib, 7 — 10 yoshda g’arq hosilga kiradi, 50 — 80 yil meva beradi, 150 — 200 yilgacha yashaydi. Bir tupi 50 kilogrammgacha meva qiladi. Anjir bir mavsumda ikki marta hosil beradi. Birinchi hosil (xoki anjir) ancha kam bo’lib iyun — iyul oylarida, ikkinchisi (asosiy) hosil sentabr oyida pishadi. Xo’jalik ahamiyati. Ho’lligicha yoki qoqi hamda konserva holida iste’mol qilinadi, jem, murabbo tayyorlanadi. Xalq amaliyotida Anjir bargi uzum va mevalarni quritishda ishqor sifatida, “suti” teri kasalliklarini (kal, so’gal, temiratki), chayon va ari chaqqan joylarni davolashda ishlatiladi. Agrotexnikasi. Anjir to’plari sovuqqa chidamsiz bo’lganidan O’zbekiston sharoitida qishda ko’milib, bahorda ochiladi. Anjir namga ancha talabchan, yengil va serunum tuproqda yaxshi o’sadi. Sho’rlangan yoki shag’alli tuproqlarda deyarli o’smaydi. Anjir tupiga 3 — 4 ta asosiy tanali buta ko’rinishida shakl beriladi. Yozda bir-ikki marta shu yili chiqqan qalinlashtiruvchi novdalar, g’ovlagan novdalar, qurigan shoxlar kesib tashlanadi. Anjirzor bog’lar vegetasiya davrida 9-10 marta sug’oriladi. O’zbekistonda kadeta, sariq anjir, qora anjir, chapla va boshqa navlari ko’p ekiladi. Navlari. Kadota. Mevasi o’rtacha (35 — 40 gramm), dumaloq-nok shaklida, sarg’ish, sal tilimli. Eti och sariq, jigarrang tovlanadi, yumshoq, shirin. Tupi 45 — 50 kilogramm hosil beradi. 30% qoqi tushadi, qoqi tarkibida 71 — 72% qand bo’ladi. O’zbekistonning hamma viloyatlari uchun rayonlashtirilgan. Sariq Anjir Jaydari nav. Mevasi yirik (50 — 60 gramm), sariq, yassi, sal tilimli. Eti sersuv, yumshoq, shirin. 25% qoqi tushadi, qoqining tarkibida 63 — 70% qand bo’ladi. Tupi 40 — 50 kilogramm hosil beradi. O’zbekistonning hamma viloyatlarida tarqalgan bo’lib, anjirzorning 80 — 90% ini tashkil etadi. Qora Anjir Mevasi o’rtacha (35 — 45 gramm), nok shaklida, to’q binafsha rangda, tilimli. Eti sarg’ish, yumshoq, shirin. Tupi 40 — 50 kilogramm hosil beradi. 30 — 35% qoqi tushadi, qoqi tarkibida 70 — 72% qand bo’ladi. O’zbekistonning hamma viloyatlari uchun rayonlashtirilgan. Chapla. Mevasi o’rtacha (35 — 45 gramm), dumaloq-nok shaklida, och jigarrang, sal tilimli, siyrak tuk bilan qoplangan. Eti yumshoq, shirin, ichi havol. 28 — 30% qoqi tushadi, qoqi tarkibida 70 — 75% qand bo’ladi. O’zbekistonning hamma viloyatlari uchun rayonlashtirilgan. Ad.: Ribakov A. A.,Ostrouxova S. A., O’zbekiston mevachiligi, T., 1967. Rixsivoy Jo’rayev.

ANJIR, anjirgul — anjirsimon naqsh; amaliy bezak san’ati (o’ymakorlik, kulollik va boshqalar) da keng qo’llaniladi. Anjir qadash usuli bilan yaratiladi. Anjir sopol buyumlarning chetlariga hoshiya shaklida ishlanadi. Xalq ustalari bu usuldan qadim zamonlardan beri keng foydalanadi.