Vulkanizatsiya

Vulkanizatsiya – 1) kauchukni rezinaga aylantirish jarayoni. Vulkanizatsiya agentlari (oltingugurt, organik peroksidlar, ba’zi sintetik smolalar) ishtirokida yoki ionlovchi radiasiya ta’sirida amalga oshiriladi. Vulkanizatsiyada plastik kauchukning barcha fizik-mexanik xossalari yaxshilanib, rezinaga aylanadi. Kauchukni oltingugurt bilan ishlash natijasida to’rsimon tuzilish (struktura) hosil bo’ladi. Vulkanizatsiyani turli xil organik moddalar va tezlatkichlar (aktivatorlar — ZnO, MgO va boshqalar) bilan tezlatish mumkin. Bu jarayon 140…200° da bajariladi. Vulkanizatsiya qoraquya ishtirokida olib borilsa, tezligi ortadi. Kauchukka 0,5—5% oltingugurt qo’shilsa, kamera va pokrishka yasaladigan yumshoq rezina hosil bo’ladi. Oltingugurt miqdori 30-50%ga etkazilsa, elastik bo’lmagan qattiq rezina (ebonit) olinadi. Kauchukni oltingugurt bilan Vulkanizatsiya issiq Vulkanizatsiya deyilib, uni birinchi marta 1839 yil Ch. Gudir (AQSh) ochgan. 1846 yilda A. Parke sovuq Vulkanizatsiya jarayonini taklif qildi. Keyingi vaqtlarda oltingugurtsiz va qizdirmay Vulkanizatsiya reaktsiyasini o’tkazish mumkinligi aniqlandi. Ionlovchi radiatsiya (kobaltning radioaktiv gamma-nurlanishi, tezlatilgan elektronlar oqimi) yordamida olib boriladigan Vulkanizatsiyaga radiatsion Vulkanizatsiya deyiladi. Bu usulda kimyoviy ta’sirlarga va issiqqa chidamli rezinalar olinadi; 2) avtomobil, velosiped, mototsiklning rezina kameralari va pokrishkalarini yamash. Maxsus apparat — vulkanizator yordamida amalga oshiriladi; 3) qog’ozga kimyoviy ishlov berib, uning pishiqligini, qovushoqligini, elektr izolyatsiya xossalarini yaxshilash; 4) qog’oz va boshqa tolali materiallardan pishiq charmsimon material— vulkan-fibra olish. Vulkanfibradan tasmalar, Jomadonlar, izolyasiya plastinalari va boshqa buyumlar tayyorlanadi.