Vadus

Vadus — Lixtenshteyn knyazligining poytaxti. Reyn daryosining o’ng sohilida, Retikon tog’i etagida joylashgan. Aholisi 4,8 mingdan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari). Vadus mamlakatning savdo-moliya markazi. Shaharda mayda sanoat korxonasi ko’p; sanoat mahsulotiningdeyarli hammasi chetga chiqariladi. Vadus va uning atrofida aniq mashinasozlik, asbobsozlik, samolyotsozlik, raketasozlik, sanoati uchun detallar tayyorlovchi korxonalar, Yevropadagi eng katta “Neolisa” sun’iy (chinni) tish fabrikasi bor. Hunarmandchilik rivojlangan. Vadusda yirik bank, kollej, muzeylar, pochta markalari bozori, me’moriy yodgorliklardan 9-asrda qurilgan qal’a bor. Turizm rivojlangan. Shahar 1342 yilda vujudga kelgan.