Jo’ji ulusi

Jo’ji ulusi – Chingizxon tomonidan 1224 yil qilingan taqsimga ko’ra Jo’jixon va uning xonadoniga merosiy bo’lib tekkan yer mulki. Unga Irtish daryosidan Uralga qadar va undan G’arbga tomon “mo’g’ul otlari tuyog’i yetgunga qadar” bo’lgan yerlar kirgan; janubda Jo’ji ulusi Chig’atoy ulusi bilan chegaradosh bo’lgan. Shimoliy Xorazm, Amudaryo va Sirdaryoning quyi etaklari ham Jo’ji ulusiga tobe bo’lgan. Jo’jixonning qarorgohi Irtish daryosi vodiysida bo’lgan. Botuxonning Sharqiy Yevropaga qilgan istilochilik yurishlari natijasida Jo’ji ulusi juda ulkan hududni qamrab olgan va u 13-asr o’rtalariga kelib Mo’g’ullar davlatida amalda mustaqil bo’lgan.