Jazzor Posho
Jazzor Posho, Jazzor, Ahmad Posho (taxminan 1735-1804, aprel, Akka) — Falastin va Suriyaning ko’pgina qismi hokimi (1775-1804). Bosniyalik. O’z faoliyatini Misrda mamluk sifatida boshlagan (1756); badaviylar qo’zg’olonini bostirishda ko’rsatgan shafqatsizligi uchun “qassob” (Arab, “jazzor”) laqabini olgan. 1775 yilda sayda voliysi (hokimi) etib tayinlangan. 1790 yilda Damashq poshosi bo’lgan. Turk sultoni hokimiyatini nomigagina tan olgan, butun Suriya va Falastinning amaldagi hokimi. O’zining armiyasi bo’lgan. Savdo va qishloq xo’jalik monopoliyasi tizimini joriy qilgan. Xalq qo’zg’olonlarini shafqatsiz bostirgan. Napoleon I Bonapart qo’shinlari akkani qamal qilishganda (1799 yil 21 mart — 20 may) Jazzor Posho qo’shinlari unga bardosh berib, raqiblarini chekinishga majbur qilishgan. 18-asrdagi Misr tarixi bo’yicha muhim bo’lgan “Nizomnomayi Misr” (“Misr tavsifi”) muallifi.