Jun sanoati

Jun sanoati — to’qimachilik sanoatining yetakchi tarmoqlaridan biri. Tarmoq korxonalarida junni qayta ishlash, sof jundan yoki uning boshka tolalar (asosan kimyoviy tolalar) aralashmasidan har xil chiziqli zichlikdagi iplar, jun gazlamalar, har xil texnik va maxsus gazlamalar, gilam va gilam mahsulotlari, kigiz-namat va fetr buyumlar, noto’qima materiallar ishlab chiqariladi. Junni qayta ishlash tabiiy junni dastlabki ishlash, ya’ni saralash, titish, yuvish, quritish, zichlash, toylash bosqichidan boshlanadi. Jun yigiruv korxonalarida har xil yigirish tizimi va usullarida sof jundan yoki yarim jundan karda, qayta taralgan va apparat iplari ishlab chiqarish ikkinchi bosqich; mahsulot yoki buyumlar: trikotaj yoki to’qima matolar, trikotaj buyumlari, adyol, gilam, fetr, noto’qima materiallar olish uchinchi bosqich; mahsulot va buyumlarga ishlov berish, bo’yash, gul bosish, issiqlik bilan ishlov berish kabi jarayonlar to’rtinchi bosqich hisoblanadi. Junni qayta ishlash insoniyat tarixida to’qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish kabi bir necha ming yillar avval paydo bo’lgan. Qo’lda ip tayyorlash va gazlama to’qish Hindiston, Xitoy, Misr va O’rta Osiyoda miloddan bir necha ming yil ilgari boshlangan. Xorazmda arxeologik qazishmalar paytida miloddan avvalgi 1-ming yillikka mansub gilamlar topilgan. O’zbekistonda qadimda jundan, ayniqsa qo’y va tuya junidan kigiz bosish, gilam to’qish boy an’anaga ega. 20-asrning 20-yillarida mayda tarqoq hunarmandlar artellarga birlashib, sanoat tarzida mahsulot ishlab chiqarish tashkil etilishi bilan junni kayta ishlash sanoatiga poydevor qo’yildi. Junni dastlabki qayta ishlash korxonasi dastlab 1930 yil ishga tushirilgan. 2-jahon urushi yillarida Qo’qon yigiruv-to’quv fabrikasida yarim jun adyollar ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgan. 1970 yil loyiha quvvati 2 million metr kvadrat bo’lgan Xiva gilam kombinati ishga tushirildi. Uning tarkibida apparat tizimida jun va kimyoviy tolalar aralashmasidan yigirilgan ip ishlab chiqaruvchi fabrika, to’quv korxonasi va pardozlash tsexlari mavjud. 1980 yil Farg’ona viloyatida Oltiariq ip yigiruv fabrikasida pnevmomexanik yigirish usulida yo’g’on jun iplari ishlab chiqarish boshlandi. 1990 yildan shu korxonada Frantsiya bilan jun tolasini dastlabki qayta ishlash qo’shma korxonasi ishga tushirildi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin respublikada tovar ishlab chiqarishda tadbirkorlikka va xususiy sektorga e’tibor kuchaytirildi. Natijada jun mahsulotlari ishlab chiqarish bo’yicha kichik xususiy korxonalar, turli firmalar tashkil etildi. 1997 yilda Namangan viloyatida qurilib ishga tushirilgan “kosonsoy-Tikmen” O’zbekiston—Turkiya qo’shma korxonasida jun tolasidan kostyum va paltolar tikiladigan movut matolar, adyol kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. 2000 yilda O’zbekistonda 2,8 million m2 jun gazlamalar, 1,5 million m2 gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarildi. Junni qayta ishlash va yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish Angliya, Avstraliya, Belgiya, Rossiya, Finlyandiya, Polsha kabi qator davlatlarda keng rivojlangan. Yangi Zelandiya, Avstraliya, Qirg’iziston, Qozog’iston jahon bozoriga sifatli jun tolalari yetkazib beradi. Mirpo’lat Qulmetov.