Jomiy

Jomiy (taxallusi; asl ism-sharifi Nuriddin Abdurahmon ibn Ahmad) (1414.7.11, Jom – 1492.8.11, Hirot) — fors-tojik shoiri, naqshbandiylik tariqatining yirik vakili. Jomiyning ota- bobolari asli dashtdan bo’lib, Jomda, keyinchalik Hirotda hayot kechirishgan. Jomiy madrasa yoshidan ancha erta Hirotdagi “Dilkash” (Navoiy ma’lumotiga ko’ra, “Nizomiya”) madrasasiga kirib, o’z davrining taniqli til, adabiyot olimlari va mudarrislari qo’lida tahsil olgan. Shu davrdayoq u Arab tilini mukammal o’rgana boshlagan. Keyinroq Jomiy o’z bilimini oshirish uchun Samarqandga keladi va Ulug’bek madrasasida buyuk falakiyotshunos Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi, fiqhshunos Fazlulloh Abullays kabilardan ta’lim oladi. Bu yillarda u til va adabiyotnigina emas, riyoziyot, falakiyot, falsafa, huquqshunoslik fanlari, din asoslari, hadis va tafsir ilmlarini xam chuqur o’rganadi, olimlarning turli mavzulardagi munozara va mubohasalarida qatnashib, yetuk olimligi bilan tanila boshlaydi. Jomiy Hirotga qaytgach, tasavvuf yo’liga kirishni, o’z bilim va faoliyatini shu yo’lga, qolaversa, ijodga, ilm-fanga bag’ishlashni Afzal ko’radi. U o’ziga pir qilib Shayx Sa’diddin Koshg’ariy (vafoti — 1456)ni tanlaydi, Hirotning jome masjidida uning suhbatlarini tinglaydi. Sa’diddin Koshg’ariy tasavvufda Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi. Jomiy mashhur sufiylar b-n yaqindan muloqotda bo’ladi. Muhyiddin ibn al-Arabiyning asarlarini chuqur mutolaa qiladi. O’zining mutasavviflik faoliyatida Bahouddin Naqshband g’oyalarini shu Sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi — Xo’ja Ahror bilan yaqin munosabatda bo’lgan holda yanada rivojlantirdi. Rasman o’zini kundalik “Malomatiya” tariqatiga mansub deb hisoblasada, asarlarida Naqshbandga ixlosi baland bo’lgan. Jomiy Xurosonda temuriylardan Shohrux, Abulqosim Bobur, Abu Said va Husayn Boyqaro podshohligi davrida yashadi. Xurosonda Hirot taxtiga temuriy Sulton Husayn Boyqaro o’tirgandan so’ng Jomiyning mamlakatdagi mavqei juda ortadi, chunki Sulton Husayn va uning ko’p avlodlari o’zlarini unga murid, deb e’lon qilganlar. Jomiy 1472 yil xajga boradi. Bu safari vaqtida Nishopur, Sabzavor, Bastom, Domg’on, Qazvin, Hamadon, Karbalo, Bag’dod, Damashq, Halab, Tabriz kabi bir qancha shaharlarda bo’ladi. Uning shaxsiy maktublaridan ma’lum bo’lishicha, yaqin do’sti Xo’ja Axror taklifi bilan Toshkentda ham bo’lgan va ulug’ mozoratlarni ziyorat qilgan. Jomiy katta yer-mulk egasi bo’lgan. Jomiy Alisher Navoiy bilan birinchi marta Abu Said hukmronligi davrida xiyobon mavzesida hamma qatori ko’rishgan. Shunda Jomiy unga o’zining bir risolasini taqdim qilgan. 1476-77 yillarda Navoiy ham Jomiyni o’ziga pir, deb taniydi. Garchi Jomiyning Navoiydan yoshi ancha ulug’, rasman pir hisoblansa ham, mohiyatan ular chin do’st va hamkor bo’lganlar. Jomiy o’zining (“Nafaxotuluns”, “Bahoriston” va boshqalar) bir qancha asarlarida Navoiyni, Navoiy ham o’z asarlari (“Xamsat ul-mutahayyirin”, “Majolis un-nafois” va boshqalar)da Jomiyni hurmat bilan tilga oladi. Jomiy “Nafahot ul-uns” (“azizlar nafasi”), “Risolai musiqi” (“musiqa risolasi”), “risolai muammo” (“muammo risolasi”) kabi o’ndan ortiq asarini Navoiy maslahati bilan yozgan. Jomiy vafotidan sal burun lirik she’rlarini 3 devonga bo’lib, ularga “Fotixat ush-Shabob” (“yoshlikning boshlanishi”), “Vositat ul-ikd” (“o’rtadagi dur”) va “Xotimat ul-xayot” (“hayot xotimasi”, 1479-91) deb nom berar ekan, bunda Navoiy maslahatini e’tiborga olgan edi. Navoiy va Jomiyning do’stligi adabiy hamkorlik bilan chegaralanmagan. Navoiy Husayn Boyqaro saroyida bosh vazir bo’lib turar ekan, o’z siyosiy va ijtimoiy faoliyatida Jomiydan maslahatlar olib turgan. Masalan, Sulton Husayn Qunduz viloyatiga qarshi yurishga otlanmoqchi bo’lganda, Jomiy Navoiydan podshohni bu safardan qaytarishni iltimos qilgan. Saroydagi fitna va fujurlar Navoiyning joniga tegib, u o’z vazifasidan ketmoqchi bo’lganda Jomiy uni bunday qarordan voz kechtirgan. Chunki Navoiydek xalqparvar arbob saroydan ketsa, xalq va mamlakat ahvoli yanada og’irlashishini u yaxshi tushunar edi. Jomiy o’z asarlarini fors-tojik tilida yozgan, Arab tilini ham yaxshi bilgan. Xorazmlik tilshunos Ibn al-Hojibning Arab tili nahv (sintaksis)i haqidagi “Al-Kofiya” darsligiga 1492 yilda g’oyat yaxshi sharh bitgan. Bu kitob Markaziy Osiyo va yaqin Sharq mamlakatlarida so’nggi vaqtlargacha maktab va madrasalarda Arab tilidan qo’llanma bo’lib keldi. Navoiy bergan ma’lumotga ko’ra, Jomiy turkiy tilni yaxshi bilgan. Jomiydan ulkan va rang-barang adabiy hamda ilmiy meros qolgan. Ba’zi olimlar Jomiy asarlarining umumiy soni 100 ga yaqin deb taxmin qiladilar. Navoiy “Xamsat ul-mutahayyirin”da uning 38 asarini nomma-nom sanab ko’rsatadi. Jomiy asarlari falsafa, tasavvuf, tilshunoslik, adabiyotshunoslik, san’at sohalariga hamda nazm va nasrning har xil janrlariga oid. Jomiyning ijodiy faoliyati ko’p qirrali bo’lsa ham u Sharq xalqlari madaniyati tarixida ko’proq Genial shoir va mutafakkir — olim sifatida tanilgan. Bu jihatdan uning epik va lirik merosi g’oyat diqqatga sazovordir. Sunggi asr adabiyotshunoslari haqli ravishda uni fors-tojik adabiyotining ilk taraqqiyot davrdagi (10-15 – asrlar) buyuk mutafakkir-ijodkor deb ataydilar. Jomiy asarlarining bir qismi liniy va falsafiy mazmunga ega bo’lib, ularda shoir Islom dini va Sharq falsafasining bir qator masalalarini uz qarashicha talqin etadi, tasavvufning 15-asrdagi yirik arbobi sifatida o’z fikr-mulohazalarini bayon etadi. Bunga uning “naqshi Fusus” (“Ma’nolar naqshi”), “Shavohidi nubuvva” (“payg’ambarlikka dalillar”), “Sharhi Qasidayi “Toiya” (“radifda “to” harfidan foydalanib yozilgan qasida sharhi”), “naqdi nusus” (“Matnni tanqid”), “sharhi Qasidayi “Xamriya” (“Xamriya” qasidasi sharhi”), “Naqshbandiya ta’limoti haqida risola”, “Vohid” atamasi haqida risola”, “Zikr” shartlari haqida risola”, “Haj qilish yo’llari haqida risola” kabi bir qancha asarlarini shu guruhga kiritish mumkin. Jomiy falsafasining asosini tasavvufiy g’oyalar tashkil etadi. Uning tasavvurida Xudo jonli mavjudot bo’lmay, yorug’nur ko’rinishiga ega. Hamma narsani yaratgan yagona Xudo go’zal ma’shuqaga o’xshagan bo’lib, minglarcha oynada turli qiyofada va ko’rinishda namoyon bo’ladi. U yunon faylasufi Yaloximnning jilolanish (“emanasiya”) falsafasini davom ettiradi va yanada rivojlantiradi. Uning fikricha, dunyodagi hamma narsalar kelib chiqishi va mohiyati e’tibori bilan ilohiydir. Jomiyning “Lujjat ul-Asror” (“sirlar dengizi”, 1475), “Ashiat ul-lamoat” (“Yiltillagan nur”, 1476) diniy-falsafiy qasidasi Ibn Sinoga bag’ishlangan. Dostonlarida xalq ommasining eng yaxshi orzu-umidlarini kuylagan. 7 dostondan iborat “Haft avrang” (“yetti taxt” yoki “katta ayiq”, 1480-87)dagi “Silsilat uz-zahab” (“Oltin zanjir, 1472), “Tuhfat ul-Ahror” (“Nuroniylar tuhfasi”, 1481-82), “Sibhat ul-Abror” (“Taqvodorlar tasbehi”, 1482— 83) dostonlarida yuksak xulq-atvor mezonlarini targ’ib qilgan, kishilarni ma’rifatga, yurtparvarlikka, to’g’rilik, insof va iymonga chaqirgan. “Yusuf va Zulayho” (1483), “Layli va Majnun” (1484), “salomon va Absol” (1479-80) dostonlari ishqiy mavzuda. “Xiradnomai Iskandariy” dostoni (1485) Nizomiyning “Iskandarnoma” siga taqlidan yozilgan. 18 – asr oxiri va 19 – asrning boshlarida Muhammad Rizo Ogahiy Jomiyning “Yusuf va Zulayho”sini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Adabiyotshunos va tilshunos olim sifatida ham Jomiy xizmati ulkandir. U o’zining “Bahoriston” tazkirasida fors-tojik adabiyotining bir qancha namoyandalari va Navoiy haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Uning “Risolai aruz” asari aruz haqidagi eng mukammal qo’llanmalardan biridir. Jomiy “Nafaxrt ul-uns” asarini yozish bilan tasavvuf tarixini o’rganishga katta hissa qo’shdi. Unda 616 mutasavvif hayoti va faoliyati haqida ma’lumot berilgan bo’lib, ulardan 34 nafari ayollardir. Ushbu asarni Navoiy ma’lum bir to’ldirishlar bilan o’zbek tiliga tarjima qilgan. Jomiy faqat mashhur sufiylar haqida ma’lumot berish bilan cheklanmay, qator shoir va adiblarning hayoti va ijodiga ham to’xtaladi. Navoiy bu asarni o’zbek tiliga “Nasoim ul-muhabbat” (“muhabbat shabadalari”) nomi bilan tarjima qilar ekan, uni o’zbek shoirlari va adiblari haqidagi ma’lumotlar bilan to’ldiradi. Jomiy muammo xaqida 4 risola (“Risolai muammoyi Kabir”, “Risolai muammoyi mutavassit”, “Risolai muammoyi sag’ir”, “Risolai muammoyi manzum”), ruboiylar sharhi, kofiya haqida 2 risola yozgan, mashhur qasidalarning bir qanchalariga alohida-alohida sharhlar bitgan. Jomiy musiqa sohasida ham katta obro’ga ega bo’lib, “naqshi Mulla” (“naqshi Imoma”) asari muallifidir. Sharq musiqa ilmi tarixida Jomiyning “risolai musiqi”si ham alohida o’rin tutadi. Risola kirish, ikki yirik qism — “ilmi ta’lif” va “ilmi iyqo'” hamda xotimadan tashkil topgan bo’lib, ular o’z ichiga 23 faslni qamrab olgan. Jomiy o’zining musiqiy nazariy va musiqiy- estetik qarashlarida Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Safiuddin Urmaviy va Abdulqodir Marog’iylarning mumtoz an’analarini davom ettirgan. Asosiy diqqatini o’sha davr amaliyoti bilan bog’liq bo’lgan parda (lad) tizimlari (jins, jam, “o’n ikki maqom”, sho’ba va boshqalar) hamda usul (ritm) masalalariga qaratgan. Jomiyning musiqaviy tafakkuri adabiy-badiiy ijodida ham o’z ifodasini topgan. Asarlari o’zbek tiliga tarjima qilinib, bir necha marta nashr etilgan. “Qofiya sharhi risolasi”, “sharhi mullo” (yoki “Mullo Jomiy”) Markaziy Osiyo va Idil (Volga) bo’yi tatarlari madrasalarida Arab tili grammatikasidan darslik sifatida uqitilgan. O’zbekiston va Tojikistonning bir qancha jamoa xo’jaliklari, ko’chalar, maktablar Jomiy nomi bilan ataladi. Samarqand shahrida Navoiy bilan Jomiy haykali o’rnatilgan (1970). As: tanlangan asarlar, T., 1970; is- Kandar xiradnomasi. T., 1978; Yusuf va Zulayho, T., 1983; Risolai musiqi, T., 1997. Ad.: Shomusamedov Sh. M., Fors-tojik adabiyoti klassiklari, T., 1963; Hayitmetov A., Abdurahmon Jomiy, T., 1989. Abduqodir Hayitmetov, Shoislom Shomuhamedov.