Jonibekov Vladimir Aleksandrovich
Jonibekov Vladimir Aleksandrovich (1942.13.5, Toshkent viloyati, Iskandar qishlog’i) — uchuvchi-kosmonavt, aviasiya general mayori (1985). Ikki marta qahramon unvoniga sazovor bo’lgan (1978, 1981). Mongoliya Xalq Respublikasi qahramoni (1981). Toshkent Suvorov bilim yurtini (1960), Eysk (Rossiya Federasiyasi) uchuvchilar tayyorlash oliy aviatsiya bilim yurtini (1965) tugatgan. 1970 yildan kosmonavtlar otryadida. Jonibekov 1985-88 yillarda Kosmonavtlar tayyorlash markazi (KTM) da kosmonavtlar otryadining komandiri, 1988 yildan KTM Nazariy va ilmiy tadqiqot tayyorgarlik boshqarmasi boshlig’i. Birinchi kosmik parvozini 1978 yil 10-16 yanvarda “Soyuz-27” kk (kema komandiri) (O. G. Makarov bilan birga) va “Salyut-6” — “Soyuz-26” (ekipaj Yu. V. Romanenko va G. M. Grechko) — “Soyuz-27” orbital majmuada bajargan. Yerga “Soyuz-26” kk da qaytgan. Jonibekov ikkinchi kosmik parvozini 1981 yil 22-30 martda “Soyuz-39” kk (kema komandiri) (mongol kosmonavti J. Gurragcha bilan birga) va “Salyut-6” — “Soyuz T-4” (ekipaj V. V. Kovalyonok va V. P. Savinix) — “Soyuz-39” orbital majmuada “Inter- Kosmos” dasturi bo’yicha amalga oshirdi. U uchinchi kosmik parvozini 1982 yil 24 iyun — 2 iyulda “Soyuz T-6” kk (kema komandiri) (A.S. Ivanchenko va frantsuz kosmonavti Jan-Lu Jak Mari Kreten bilan birga) va “Salyut-7 — “Soyuz T-5” (ekipaj A.N. Berezovoy va V.V. Lebedev) — “Soyuz T-6” orbital majmuada bajardi. Jonibekov to’rtinchi kosmik parvozini 1984 yil 17-29 iyulda “Soyuz T-12” kk (kema komandiri) (S. E. Saviskaya va I. P. Volk bilan birga) va “Salyut T-7” — “Soyuz X-11” (ekipaj L. Yu. Kizim, V. A. Solovyov va O. Yu. Atkov) — “Soyuz T-12” orbital majmuada amalga oshirdi. 25 iyulda Svetlana Yevgenevna Saviskaya bilan ochiq kosmosga chiqib, yangi universal dastaki asbobni sinashga doyr ishlarni uddaladi. Jonibekov beshinchi kosmik parvozini 1985 yil 6 iyun — 26 sentda “Soyuz T-13” Kk (kema komandiri) (V. P. Savinix bilan birga) va “Salyut-7” — “Soyuz T-13” orbital majmuada bajardi. V. P. Savinix bilan birga dunyoda birinchi marta o’zi parvoz qilayotgan kk — “Soyuz T-13” ni kosmosda nazoratsiz parvoz qilayotgan orbital stantsiya — “Salyut-7” ga tutashtirdi. Kosmonavtlar “Salyut-7” ga o’tganlaridan so’ng uning ishga yaroqliligini tiklashga doir ishlarni bajarishdi. 1985 yil 2 avgustda Jonibekov kosmonavt V. P. Savinix bilan birga ochiq kosmosga chiqib, qo’shimcha quyosh batareyalari panellarini o’rnatishdi. Unumli ilmiy tadqiqot va amaliy ishlarni bajarganidan so’ng Jonibekov 1985 yil 26 sentabrda o’sha paytda “Soyuz T-14” kk da V. V. Vasyutin va A. A. Volkov bilan birga parvoz qilayotgan G. M. Grechko bilan birga “Soyuz T-13” kk da yerga qaytib tushdi. Jonibekov o’zining kosmosga qilgan besh parvozi mobaynida kosmosda 145 kun 15 soat 58 minut 29 sekund bo’lgan. Jonibekov tasviriy san’at bilan ham shug’ullangan. Uning Kosmos mavzuidagi ba’zi rasmlari badiiy ko’rgazmalarda namoyish qilingan. Pomir-Olay tog’laridagi mutlaq balandligi 4912 metr bo’lgan cho’qqi “Vladimir Jonibekov cho’qqisi” deb atalgan (1985). Toshkentdagi Kosmonavtlar xiyobonida Jonibekovga byust o’rnatilgan (1984). Sobit Ilyosov.