Jinoyat ishida fuqaroviy da’vo

Jinoyat ishida fuqaroviy da’vo —jismoniy yoki yuridik shaxsning jinoyat oqibatida yoki aqli noraso shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi natijasida keltirilgan moddiy zararni undirish to’g’risidagi talabi. Bu da’vo jinoyat ishi yuzasidan tergov va sud bo’layotgan vaqtda aybdorga yoki uning harakatlari uchun zimmasiga moddiy javobgarlik yuklatilgan shaxslarga nisbatan qo’zg’atilib, sudda jinoyat ishi bilan birga ko’riladi (O’zbekiston JPK, 276-modda). Bunday da’voni jabrlangan har qanday shaxs, shu jumladan, vafot etgan odamning qaramog’ida bo’lganlar ham qo’zg’atishga haqli. Jinoyat ishida fuqaroviy da’vo davlat poshlinasi to’lashdan ozod qilinadi va bunday da’vo jinoyat ishi qo’zg’atilgan vaqtdan boshlab sud tergovi boshlangunga qadar qo’zg’atilishi mumkin. Da’vo jinoyat ishi bo’yicha tergov olib borayotgan organ yoki sudga beriladi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror — qaror, sud esa — ajrim chiqarib, da’vo qo’zg’atgan shaxsni fuqaroviy da’vogar deb tan oladi. Davlat yoki jamoat manfaatlarini, shuningdek, fuqaro huquqlarini muhofaza qilish uchun zarur bo’lgan hollarda prokuror ham da’vo qo’zg’atadi yoki jabrlanuvchining da’vosini qo’llab-quvvatlaydi. Jinoyat ishida fuqaroviy da’voni ta’minlash maqsadida ayblanuvchining, gumon ostidagi shaxsning yoki fuqaroviy javobgarning mulki xatlab qo’yiladi (290-modda). Qo’zg’atilgan da’voning asosliligi masalasi sud hukm chiqarayotgan paytda hal qilinadi (457-modda). Sud sudlanuvchini aybdor deb topib, Jinoyat ishida fuqaroviy da’voning asoslari va miqdorini qanchalik isbot etganiga qarab, uni to’la yoki qisman qanoatlantiradi yoxud jinoyat oqibatida moddiy zarar yetkazilmagan deb topsa, da’voni rad qiladi.