Jinoyat qidiruvi

Jinoyat qidiruvi – ichki ishlar organlarining bir tizimi; tezkor qidiruvni va o’z vakolat doirasiga kiruvchi boshqa ishlar — shaxsga, fuqarolarning shaxsiy mulkiga, jamoat tartibiga va xavfsizligiga qarshi qaratilgan jinoyatlarning oldini olish, payini qirqish hamda ularni ochish va hokazo chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Jinoyat alomatlari, jinoyat sodir etgan shaxslarni aniqlash, qidirish va topish ishlari O’zbekiston Respublikasida ichki ishlar va milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan bajariladi. JPK qoidalariga binoan jinoyat ishi yuzasidan dalil tariqasida foydalanish mumkin bo’lgan ma’lumotlar aniqlanadi. Ayblanuvchining turgan joyi noma’lum bo’lgan taqdirda tergov shu joyni aniqlash uchun barcha choralarni ko’rishi, zarur hollarda, ayblanuvchi sifatida ishda ishtirok etishga jalb etilishi to’g’risida qaror chiqarilgan shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilishi lozim. Dastlabki tergov o’tkazilayotganida ham, bunday tergov to’xtatilganidan keyin ham qidiruv e’lon etilishi mumkin. Qamoqqa olish asoslari mavjud bo’lgan, prokuror sanktsiyasi b-n qidirilayotgan ayblanuvchi topilgan taqdirda tergovchi qamoqqa olish tariqasida ehtiyot chorasini qo’llaydi. Ayblanuvchi biron joyda ushlangan taqdirda esa, o’sha joydagi prokuror mazkur shaxs ayni qidirilayotgan ayblanuvchi ekanligini aniqlashi va uni qamoqqa olish uchun qonuniy asoslar mavjudligiga ishonch hosil qilishi darkor.