Jinoyat huquqi

Jinoyat huquqi – huquq tizimining bir tarmog’i; oliy davlat hokimiyati organi tomonidan o’rnatilgan, qonun bilan qo’riqlanadigan, ijtimoiy munosabatlar uchun xavfli bo’lgan tajovuzlarning jinoyat ekanligi va jazoga loyiqligini, jazo choralari tayinlash shartlari va tartibini hamda jinoiy javobgarlikdan va jazodan ozod qilishni belgilaydigan huquqiy me’yorlar yig’indisi. O’zbekiston Respublikasida Jinoyat huquqining asosiy manbai O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va jinoyat qonunidir. Jinoyat huquqi jinoyat qonunining amalda tatbiq qilinishidan kelib chiqadigan munosabatlarni o’rganadi, jinoiy javobgarlik asoslari va tamoyillarini belgilaydi. Jinoyat huquqining vazifalari shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoii tajovuzlardan qo’riqlash, shuningdek, jinoyatlarning oldini olishdan, fuqarolarni Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilish ruxida tarbiyalashdan iborat. Jinoyat huquqi davr talabidan kelib chiqqan holda qonuniylik, fuqarolarning qonun oldidagi tengligi, demokratizm, insonparvarlik, odillik, ayb uchun javobgarlik, javobgarlikning muqarrarligi qoidalariga asoslanadi. Jinoyat huquqi 2 qismdan iborat. Bular: Umumiy qism va maxsus qism. Umumiy qism Jinoyat huquqining vazifalari va tamoyillarini amalda qo’llanish doirasi, javobgarlikning asoslari, jazo turlari va ularni tayinlash, javobgarlikdan va jazodan ozod qilish, voyaga yetmaganlar javobgarligi va tibbiy yo’sindagi majburlov choralari to’g’risidagi masalalarni o’z ichiga oladi. Maxsus qism esa alohida jinoyatlar va shu jinoyatlar uchun tayinlanadigan jazolarni o’z ichiga oladi. Jinoyat huquqi fani jinoyat qonunchiligining ijtimoiy vazifalari va ijtimoiy samaradorligini, rivojlanish tamoyillari va muammolarini ham o’rganadi.