Jinoyatlarni tasniflash

Jinoyatlarni tasniflash – jinoiy harakatga aniq jinoiy-huquqiy baho berish. Bunda jinoiy qilmish belgilarining jinoyat qonunida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi belgilariga muvofiqligi aniqlanadi. Jinoyatlarni tasniflash dastlab tergov organlari tomonidan, yakuniy ravishda esa sud hukmi bilan amalga oshiriladi. Amaldagi jinoyat huquqida Jinoyatlarni tasniflashning 2 asosiy guruhi nazarda tutilgan. Bular: 1) jinoyatlarni ob’yektiga qarab tasniflash; 2) jinoyatlarni ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab tasniflash. O’zbekiston Respublikasining Jkda jinoyatlar o’z xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko’ra: ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan; uncha og’ir bo’lmagan; og’ir; o’ta og’ir jinoyatlarga bo’lingan. Ijtimoiy xavfi katta bo’lmagan jinoyatlarga: qonunda ozodlikdan maxrum qilishga nisbatan engilroq jazolar nazarda tutilgan jinoyatlar; qasddan sodir etilib, qonunda eng og’ir jazo sifatida 3 yildan ko’p bo’lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan jinoyatlar; ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda 5 yildan ko’p bo’lmagan muddatga ozodlikdan maxrum qilish tarzida jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi. Uncha og’ir bo’lmagan jinoyatlarga: qasddan sodir etilib, qonunda eng og’ir jazo sifatida 3 yildan ortiq, lekin 5 yildan ko’p bo’lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan; ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda eng og’ir jazo sifatida 5 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi. Qasddan sodir etilib, qonunda og’ir jazo sifatida 5 yildan ortiq, lekin 10 yildan ko’p bo’lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish nazarda tutilgan jinoyatlar og’ir jinoyatlarni tashkil etadi. Qasddan sodir etilib, qonunda 10 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoki o’lim jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar o’ta og’ir jinoyatlar hisoblanadi. Jinoyatlarni tasniflash barcha jinoyatlarni ularning xususiyati, ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab muayyan turkumlarga bo’lish imkoniyatini berish bilan birga, javobgarlikni belgilash, adolatli jazo tayinlash, qonuniylik va insonparvarlik tamoyillarini amalga oshirishning muhim sharti hisoblanadi.