Jitomir viloyati

Jitomir viloyati – Ukrainadagi viloyat. 1937 yil 22 sentabrda tuzilgan. Maydoni 29,9 ming km2. Aholisi 1467,9 ming kishi (1997), asosan ukrainlar, shuningdek, rus, polyak, yahudiy va boshqalar ham yashaydi. Jitomir viloyatida 22 tuman, 9 shahar, 40 shaharcha bor. Markazi — Jitomir shahri. Relefi tepalik va pasttekisliklardan iborat. Foydali qazilmalari: granit, gneys, labradorit, yashma, topaz, kvarsit, marmar, pirofillit, oxaktosh, mergel, oxra, kvars qumi, kaolin, o’tga chidamli tuproq, temir va titan rudalari, qo’ng’ir kumir, torf. Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -5,7°, iyulniki 18,9°. Yillik yog’in 570-600 mm. Vegetasiya davri 240 kun. Daryolari Dnepr havzasiga mansub. Qoratuproq, va kulrang o’rmon tuprog’i, chimli podzol va botqoq tuproqlar tarqalgan. Viloyat hududi aralash o’rmonlar (Polese) va o’rmonli dasht zonalarida joylashgan. Asosiy sanoat tarmoqlari: ruda va ko’mir qazib chiqarish, mashinasozlik, to’qimachilik, avtomobilsozlik va boshqalar. Oziq-ovqat sanoati (shakar-qand, spirt-araq, pivo, go’sht, yog’-pishloq, sut, un, sabzavot konserva) rivojlangan. To’qimachilik, tikuvchilik, ko’n poyabzal, madaniy mollar ishlab chiqarish korxonalari bor. Elektr asboblari, kimyo sanoati uchun asbob-uskunalar ishlab chiqariladi. Yog’ochsozlik korxonalari va 4 qog’oz fabrikasi, shu jumladan elektrotexnika sanoati uchun eksportga eng yupqa kondensator qog’ozi ishlab chiqaradigan Malin qog’oz fabrikasi bor. Oynashisha (Jitomir), chinni zavodlari va ko’zgu fabrikasi ishlab turibdi. Kon sanoatida qora metallurgiya sanoati uchun o’tga chidamli dinas kvartsitlari, titanli ilmenit, pushtirang slanes-pirofillit ishlab chiqariladi. Qishloq xo’jaligida zig’ir tola, kartoshka, g’alla, qand lavlagi yetishtiriladi, o’rmonli-dasht qismida sut-go’sht chorvachiligi rivojlangan. Bog’dorchilik va rezavor- mevachilik ham salmoqli o’rin tutadi. Asalari boqiladi. Baliqxo’jaligi bor. Asosiy temir yo’l magistrallari: Kiyev-Brest, Kiyev—Lvov. Asosiy avtomobil magistrali: Kiyev—Lvov. 3 oliy o’quv yurti, musiqali drama, qo’g’irchoq teatrlari, Filarmoniya, 8 muzey bor.