Jorjone

Jorjone (Giorqione; asli Jorjo Barbarelli da Kastelfranko, Barbarelli da Castelfranco, 1476 yoki 1477, Kastel- Franko — 1510, Venetsiya) — italiyalik rassom, Venesiya maktabi namoyandasi; Yuksak Uyg’onish davri asoschilaridan. Tabiat, inson va hayotga muhabbatni ko’tarinki ruhdagi rang-tasvir asarlarida ifodalagan Jorjone ijodida tasviriy butunlikka, shaffof nursoya, bo’yoq surtmalari vositasida inson qiyofasini tabiat (manzara) bilan uyg’unlashuviga erishgan. Diniy mavzudagi (“cho’ponlarning sig’inishi” va boshqa) asarlar bilan bir qatorda muhim ahamiyatga ega bo’lgan dunyoviy mazmundagi (asosan afsonalar asosida) asarlar ham yaratgan: “Yudif” (taxminan 1502), “uch faylasuf”, “Uyqudagi Venera” va boshqalar. Jorjonening badiiy merosi zamondoshlari tomonidan keng e’tirof etilgan, shogirdlari (Tisian va boshqalar) tomonidan rivojlantirilgan.