Jalolov To’xtasin
Jalolov To’xtasin (1909.21.7, Farg’ona tumani — 1984.13.4, Toshkent) — yozuvchi, adabiyotshunos va tarjimon. Farg’onadagi pedagogika kursini tugatgach (1925), Shahrixonda o’qituvchilik qilgan. Samarqand pedagogika institutida o’qigan (1931-33). Toshkentdagi kechki pedagogika institutini tugatib (1938), shu institutda, “Qizil O’zbekiston” gazetada (1938— 41) ishlagan. Qatag’on qilinib, Sibir va Uzoq Sharqdagi qamoq lagerlarida va surgunda bo’lgan (1941 yil iyul — 1955 yil yanvar). 1955 yilda oqlangach, O’zbekiston davlat nashriyotida va badiiy adabiyot nashriyotida (1955-61), O’zbekiston Fanlar Akademiyasining til va adabiyot institutida (1961), “Sharq yulduzi” jurnalida (1962— 63) ishlagan. Adabiyotshunoslik faoliyatida Navoiy ijodini taxlil qilish (“Xamsa talqinlari”, 1960, 1968), o’zbek shoiralari merosini to’plash va tadqiq etish (“O’zbek shoiralari”, 1959, 1970, 1980; “Bonu” 1963; “Qizlar qasidasi”, 1976) hamda o’zbek adabiyoti, xususan she’riyati masalalari bo’yicha tadqiqotlar (“yashasin tabassum”, 1965; “nafosat olamida”, 1974) asosiy o’rin tutadi. “Pahlavon Mahmud” (1961) ilmiy asarini yozgan, “O’zbek adabiyoti tarixi” xrestomatiyasi 1-jildini (1941) tuzgan. “Oltin qafas” (1962) qissasi muhabbat mavzuiga bag’ishlangan. Asarda moddiy boy, ammo ma’naviy qashshoq insonlar oilaviy hayotda hech qachon baxtli bo’lolmaydilar, degan fikr olg’a surilgan. R. Tagor, S. Ayniy, Paxlavon Mahmud, Lohutiy, V. Smirnova Rakitina va boshqa yozuvchilarning asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Ad.: Yunusov M., Saxiy qalamlar, T., 1975.