ANTARKTIKA

ANTARKTIKA — yer sharining Janubiy qutb oblasti. Antarktikaga Antarktida materigi, Atlantika, Hind va tinch okeanlarining shu materikka tutash qismlari, shuningdek Antarktida yaqinidagi orollar kiradi. Antarktika tabiiy geografik chegarasi taxminan 50 — 60° janubiy qutbdan o’tadi. Antarktika maydoni 52,5 million kilometr kvadrat. Antarktikada materik sayozligi boshqa materiklarga nisbatan chuqurroq (500 metr), tik materik yon bag’ri chuqurligi 4000 — 5000 metrli (eng chuquri 8428 metr, Janubiy Sandvich novida) keng botiqlar shaklida davom etadi. Botiqlar suv osti tog’tizimlari bilan bo’lingan. Bu tizmalarning ba’zi cho’qqilari okean yuzasidan ko’tarilib, kichikroq orollarni hosil qilgan (Buve, Kroze, Kergelen, Xerd, Makuori; Janubiy Georgiya, Janubiy Sandvich, Janubiy Orkni orol guruhi). Antarktika Antarktika va subantarktika mintaqasida joylashgan. Antarktika iqlimi uning yuqori kengliklarda joylashganligi, shuningdek okean ustidagi antisiklonlarning o’zaro munosabati bilan belgilanadi. Tsiklonlarning shim. Qismida g’arbiy shamollar, Janubda esa Sharqiy shamollar kuchli. Antarktika oblastining atmosfera tsirkulyasiyasi okean tsirkulyasiya tizimini yuzaga keltiradi. Antarktika shimoliy qismida kuchli Antarktika oqimi, Janubida aylanma tsiklon oqimlari hukmron. Qitadan shimoliga tomon dengiz muzlari va aysberglar iliq suvlargacha oqib chiqadi va eriydi. Qishda dengiz muzliklari 1000 kilometr kenglikgacha ham tarqaladi, yozda esa qirg’oq atroflarida harakatlanadi. Yiliga aysberglar ko’rinishida o’rtacha 2000 km3 chuchuk muzlar okeanga tushadi. Antarktikaning ustki suvlari temperaturasi qishda — 1,8° dan 2° gacha, yozda 2° dan 3,5° gacha, sho’rligi 34% atrofida. Antarktika suvlari jonli organizmga boy. Antarktika o’simlik va hayvonot dunyosi alohida Antarktika biogeografik oblastini tashkil etadi. Xalqaro-huquqiy shartnomaga asosan Antarktikadan butun dunyo mamlakatlari umumiy va teng miqyosda, faqat tinchlik maqsadida foydalanishlari mumkin. Harbiy tadbirlarning barchasi (harbiy bazalar qurish, harbiy mashqlar o’tkazish, yadro qurollarini sinab ko’rish, radioaktiv moddalar tashlash) taqiqlanadi. Shartnoma tufayli bu yerda erkin ilmiy tadqiqot ishlari olib borish mumkin. Antarktika xalqaro boshqaruvdan xolis.