Jamoat ishlari

Jamoat ishlari – tashkilotlar, xo’jaliklar va muassasalarda yuqori malaka talab qilmaydigan va mavsumiy, vaqtinchalik, haq to’lanadigan ishlar; bozor iqtisodiyoti mamlakatlarida ishsizlarni tezkor tarzda haq to’lanadigan ish bilan ta’minlash usullaridan biri. Jamoat ishlari mavsumiy, hududiy yoki aholining alohida toifalarini qamrab olgan holda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tashkil etiladi. Jamoat ishlari aksariyat hollarda vaqt jihatdan qisqa muddat davom etib, alohida ixtisoslikni talab etmaydi. Odatda, Jamoat ishlarini ko’proq jismoniy mehnat talab qiluvchi ishlar (qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, mayda irrigatsiya ishlarini bajarish, arzon maktab va uy-joylar qurish, o’rmonchilik, shaharlardagi obodonchilik ishlari va boshqalar) va ijtimoiy tavsifga ega ishlar (Masalan, nogironlar, bemorlar, yetim bolalarga qarash va boshqa xizmatlar) ga ajratiladi. Dastlab Jamoat ishlari maxsus umummilliy dasturlar asosida 20-asrning 30-yillarda AQShda tashkil qilingan. Hozirgi jahonning aksariyat rivojlangan mamlakatlarida Jamoat ishlariga yoshlarni jalb qilish an’anasi mavjud (Masalan, Frantsiyada 1984 yildan 16-21 yoshdagi o’qishni tashlagan ishsizlarni Jamoat ishlariga jalb qilish dasturi joriy qilingan, Angliyada esa ishsizlik davri uzoq, cho’zilgan ishsizlar uchun shunday dastur amal qiladi). O’zbekistonda Jamoat ishlarini tashkil qilish O’zbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan ta’minlash to’g’risida” qonuni (1992 yil) qabul qilinishi bilan aholini ish bilan ta’minlashning chora-tadbiri sifatida amalga oshirila boshlandi. O’zbekistonda davlat hokimiyati organlari Jamoat ishlarini mehnat organlarining taklifi va bevosita ishtiroki bilan o’z mulkidagi korxona, tashkilot va muassasalarda hamda shartnomalar asosida turli mulkchilik shaklidagi korxona, tashkilot va muassasalarda tashkil etadi. Mehnat organlarida ro’yxatga olingan va ishsiz deb e’tirof qilingan fuqarolar ikki oygacha uzaytirish huquqi bilan muddatli shartnomalar asosida Jamoat ishlarida ishtirok etishlari mumkin. Ularga to’lanadigan ish haqi bajarilayotgan ishga qarab, lekin 15% oshirilgan ishsizlik nafaqasidan kam bo’lmasligi, ish davrining mehnat stajiga qo’shilishi, pensiya ta’minoti va vaqtincha ishga layoqatsizlik yuzasidan nafaqalar olish huquqi kafolatlanadi. O’zbekistonda Jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolarga to’lanadigan ish haqining kamida 50% korxona, tashkilot va muassasalar mablag’lari hisobidan, qolgan qismi esa mahalliy byudjetlar yoki aholini ish bilan ta’minlashga ko’maklashuvchi Davlat jamg’armasi hisobidan qoplanadi. Fazliddin Mamarasulov.