Jamol Kamol

Jamol Kamol (Kamolov Jamol; 1938.26.4, Shofirkon tumani) — O’zbekiston xalq shoiri (1992). Buxoro pedagogika institutining filologiya fakultetini tugatgan (1959). O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Buxoro viloyati bo’limida mas’ul kotib (1970-72), O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot institutida aspirant va ilmiy xodim (1972-86). Lirik she’r tuzilishi bo’yicha ilmiy tadqiqot olib borgan. G’afur G’ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir (1986— 88), O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi (1991-96). Jamol Kamolning ilk she’riy to’plami “Olam kirar yuragimga” 1968 yilda nashr etilgan. “Cho’qqilarga yog’ildi yog’du” (1970), “Tosh tug’yoni” (1972), “Hasan va oy” (1974), “Quyosh chashmasi” (1975), “qadah” (1978), “Dostonlar” (1980), “Suvaydo” (1982), “umidli dunyo” (1988) kabi she’riy to’plamlariga kirgan she’rlarida mumtoz she’riy an’analar bilan zamonaviy she’riy jarayon o’zaro uyg’unlashtirilgan. Jamol Kamol frantsuz mumtoz adabiyotining namoyandasi Bualonint “she’riy san’at” asarini, Ozarbayjon shoiri Baxtiyor Vahobzodaning Muhammad Fuzuliy haqidagi “Shabihijron” dostonini, Shekspir, A. S. Pushkin, Ya. Raynis asarlarini, Jaloliddin Rumiy, Sotim Ulug’zoda singari adiblarning sara asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan.