“Jamoati Islomiy”

“Jamoati Islomiy” (“Islom jamoati”) — Hindistonda 1941 yil barpo bo’lgan umumhindiston partiyasi. 1948 yil uning asosida mustaqil “jamoati islomii hind” (“Hindiston musulmonlari jamoati”) tarkib topdi. So’l Islom oqimlarining umumiy g’oyaviy uyushmasi sifatida Pokiston, Hindiston va Bangladeshda (1971 yildan) faoliyat olib boradi. “Jamoati Islomiy”ning nazariy dasturini pokistonlik Abul a’lo Mavdudiy (1981 yil vafot etgan) ishlab chiqqan. Partiyaning nizomiga ko’ra, rahbariyat tarkibi islomiy tamoyil — mushovara (maslahat) asosida tuziladi. Tashkilotni barcha a’zolar tomonidan saylangan Amir boshqaradi. Partiyaga a’zolik cheklangan. Unga shaxsiy va ijtimoiy hayotda shariat qonunlariga qat’iy rioya qiladigan, sinov muddatini o’tagan hamda qasamyod qilgan shaxslar qabul etiladi. Abul A’lo Mavdudiy Pokistonning atigi 4-5% aholisinigina haqiqiy Musulmon deb hisoblaydi. Shu boisdan partiyaning to’la huquqli a’zolari soni uncha katta emas (2500-3000), ammo uning asosiy kuchini behisob “tarafdorlar” va “xayrixoxlar” tashkil etadi. “Jamoati Islomiy” ijtimoiy jihatdan ziyolilar, talabalar, kichik mulkdorlar va shahar quyi tabaqalari hamda harbiylarning konservativ toifalaridan tarkib topgan. Partiyaning asosiy maqsadi — Islom davlatini tuzishdir. Bunday davlat tuzumini Mavdudiy “teodemokratiya” deb atadi va u “yangi tipdagi (ya’ni o’ziga o’xshagan) ulamolar tomonidan boshqarilishi kerak”. A. Mavdudiy vafot etgach, partiyaga Mian Mohammad, G’afur Ahmad va Mavdudiyning o’g’li — Mavlono Faruqiy Mavdudiylar rahbarlik qilmoqdalar. Ahadjon Hasanov.