Jamolzoda, Said Muhammad Ali

Jamolzoda, Said Muhammad Ali (1890, Isfahon shahri, Eron, — 1992, Jeneva, Shveytsariya) — yozuvchi. Isfahon, Tehron va Frantsiyada o’qigan. Huquqshunoslik Doktori. Adabiy faoliyati 20-yillardan boshlangan. Birinchi hajviy hikoyalar to’plami — “bir bor ekan, bir yo’q ekan” (1921) bilan hozirgi Eron hajviy prozasini boshlab bergan. Hikoyalarida Erondagi turli tabaqa vakillari qiyofasi tasvirlangan. Jamolzoda “Husayn Ali amaki” (1942), “achchiq va shirin” (1955) kabi hikoyalar to’plamlari va “jinnixona” (1942), “Mahshar sahrosi” (1944), “kultashandevon” (1945), “suv yo’li” (1947), “Ungi-chapi bir xil mato” (1955) kabi qissalar, shuningdek, qator pesalar va maqolalar muallifi. U Shiller, Moler va boshqa yozuvchilarning asarlarini forschaga tarjima qilgan. Jamolzodaning bir qancha asarlari o’zbek tilida nashr qilingan.