Jannat

Jannat — ko’pchilik diniy ta’limotlarga ko’ra, taqvodor dindorlar narigi dunyoda rohat va farog’atda yashaydigan joy. Yahudiylik, xristianlik, islom dinlaridagi asosiy tushunchalardan biri. Barcha dinlarda Jannat do’zaxga qarama-qarshi qo’yiladi. Bibliya (qadimgi aha) da Jannat go’zal bog’sifatida tasvirlanadi, unda Odam Ato bilan Momo Havo yashagani, ular gunoh ish qilib qo’yganlaridan keyin Jannatdan quvilgani haqida yozilgan. Qur’onda Jannat haqida bir necha yerda bayon qilingan (47: 15; 55: 46-78; 76: 11-22). Diniy aqida bo’yicha, bu dunyodagi hayoti davrida imonli holida ezgu ishlar bilan shug’ullangan kishilarga Alloh tomonidan Jannatdan joy beriladi. Jannatdagi hayot abadiy, bezavoldir. Jannatdagilarni Alloh turli ne’matlar bilan ta’minlaydi. U yerda g’am-g’ussa va tashvish yo’q. Odamlarning yaxshi ko’rgan barcha narsasi muhayyo etiladi. Qur’onda Jannat daraxtzor, ariqlarda zilol suvlar oqib turadi, deb ta’riflanadi. U yerda insonlar qarimaydi va kasal ham bo’lmaydi. Diniy ta’limotda ta’kidlanishicha, Jannatda Havzi Kavsar mavjud bo’lib, uning suvi oq va muzdayligi hamda xislatlari ta’riflanadi. Havzi Kavsardan Jannat axli suv ichadi. Islom diniga ko’ra, Jannatning 8 ta darvozasi bor. Bular: 1) Payg’ambarlar, shahidlar, Siddiq bandalar va saxiylar; 2) namozxonlar; 3) zakot beruvchilar; 4) amri Ma’ruf, nahyi munkar qilgan mo’minlar; 5) nafsu shahvatini jilovlab yurganlar; 6) haj va Umra qilganlar; 7) Alloh yo’lida jiddu jaxd qilganlar; 8 ) taqvodorlar va ota-onasini rozi qilganlar kiradigan darvozalardir. Jannatni qo’riqlovchi farishta “Rizvoni jannat” deb ataladi. Jannatda eng oliy ne’mat Allohning diydorini ko’rishlik hisoblanadi. G’ani Abdullayev, Abdulaziz Mansur.