Janpiq qal’a, Jampiq qal’a
Janpiq qal’a, Jampiq qal’a — Xorazm vohasida qad. shaharqal’a xarobasi (milodiy 3-4-12-14-asrlar). Qoraqalpog’istonning Beruniy tumani shimoli-g’arbida, Amudaryoning o’ng sohilida joylashgan. Janpiq qal’a dastlab S. P. Tolstoy tomonidan aniqlangan (1940), qazishma ishlari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog’iston filialining arxeologik otryadi tomonidan ilk bor 1965 yil (so’ngra 1968-71, 1979-86) olib borilgan. Janpiq qal’aning maydoni taxminan 12 gektar. Janpiq qal’aga antik davrda asos solingan. Janpiq qal’aning ustki madaniy qatlami Amudaryo suvi yuvib ketishi natijasida yaxshi saqlanmagan. Janpiq qal’adan mudofaa devorlari, ko’chalar, hammomlar, turar joylar, hunarmandlar yashaydigan mahalla qoldiqlari ochilgan. Suv quvurlari, xo’jalik o’ralari; turar joylardan tandir, o’choq, tashnob; hunarmandlar mahallasidan zargarlik buyumlari, shuningdek, kichik shisha idishlar, deraza oyna, sopol va temir buyumlar yasaydigan, gazlamalarga, ko’nteriga ishlov beradigan ustaxonalar qoldiqlari topilgan. Oltin O’rda tangalari, beresta o’ramlari, chavandozlar tasviri tushirilgan eroniy sopol idishlar, ko’plab koshin, ichki va tashqi tomoni feruza rang bilan sirlangan idishlarning topilishi, Janpiq qal’aliklarning 13-14-asrlarda Oltin O’rda, Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan savdo munosabatlarida faol ishtirok etganligidan guvohlik beradi. Janpiq qal’aliklar hayotida chorvachilik ham muhim o’rin tutgan. Bu Janpiq qal’ada xo’jalik va maishiy hayot ancha rivojlanganini ko’rsatadi. Ad.: Qodirniyazov M., Materialnaya kultura gorodov Xorezma v XIII—XIV vekax, Nukus, 1989; Aliakbarova A. A., Arshavskaya 3. A., Jampikkala. Jilaya arxitektura pogranichnogo goroda pravo-berejnego Xorezma, T., 1990.