Janoza

Janoza — keng ma’noda — islomdagi dafn etish marosimi; mayit; tobut. Tor ma’noda — vafot etgan musulmon erkak va ayol jasadini ko’mish oldidan o’qiladigan namoz (saloti Janoza). Janoza marosimlari turli musulmon mamlakatlarida turlicha bo’lib, ular tegishli urf-odatlar bilan bog’langandir. Shariat ko’rsatmalariga qaraganda, Janoza namozi tirik tug’ilgan begunoh chaqaloqdan tortib, gunoh qilgan, qilmaganligidan qat’i nazar barcha marhum va marhumalarga o’qiladi. Qur’on oyatlari va hadisi shariflarda ifoda etilgan qoidalarga ko’ra, murdani yuvib, kafanga o’rab, tobutga joylagach musulmonlar jamoati ishtirokida Imom boshchiligida ado etiladi. Janoza namozini qiblaga yuzlangan holda, saf-saf bo’lib o’qiydilar. “Azobda o’lganlar”, shahid bo’lganlar yuvilmaydi va Janoza o’qilmay ko’milaveradi. Biror sabab bilan Janoza siz ko’milgan bo’lsa, murda aynimay turib, qabr ustida Janoza namozi o’qilishi mumkin. Janoza namozini o’qish tiriklar zimmasidagi farzi kifoya amallardan bo’lib, uni bir guruh musulmonlar o’qishi bilan boshqa kishilar zimmasidan soqit bo’ladi. Islom diniga ko’ra, marhum Janozasiz ko’milgan taqdirda imkoniyat bo’la turib Janoza o’qimagan kishilar gunohkor hisoblanadilar. Janoza namozi 5 vaqt o’qiladigan namozdan ko’p jihatdan farq qiladi. Masalan, Janoza namozida to’rt takbir, sano, salovat, duo va salom bilan kifoyalaniladi. Unda ruku, sajda, qiroat, qa’da, tashaxdud kabi amallar yo’q. Abdulaziz Mansur.