Janubiy Xitoy platformasi
Janubiy Xitoy platformasi — tokembriy davri platformasi, Yantszi daryosining quyi oqimi havzasida joylashgan. Platformadagi anteklizalarda paleozoy yotqiziqlarining g’ilofi saqlangan. Mezozoy erasida kuchli tektonomagmatik faollashish bo’lgan. Janubiy Xitoy platformasi Xitoy-Koreya platformasidan Tsinlin tog’ining burmalangan mintaqasi orqali ajralgan. Janubiy Xitoy platformasining tokembriy kristalli zamini (gneyslar, metamorfik slaneslar) Yantszi daryosining Jan.dagi Xunan va Szyansi provintisiyalarida yer yuzasiga chiqib qolgan. Janubiy Xitoy platformasining ko’p qismi kechki proterozoy (siniy yotqiziqlari), paleozoy va trias (dengiz yotqiziqlari: ohaktoshlar, qumtosh, gilli va karbonatli qatlamlar), shuningdek, Perm, yura, bo’r davri kontinental ko’mirli yotqiziqlardan iborat cho’kindilar g’ilofidan tashkil topgan. Janubiy Xitoy platformasi bo’r davrida shiddatli deformatsiyalangan. Platformaning Sharqiy qismidagi granitlarda volfram, qalay, surma, simob va boshqa konlar, uning cho’kindi g’ilofida esa boksit, temir, marganes, toshko’mir, yonuvchi slanes, neft va tuz konlari mavjud.