Jilvon, jil bon

Jilvon, jil bon — Buxoro vohasining shimoliy chekkasidagi cho’l landshaftli hudud. Qizilqum chegarasida, Shofirkon va qisman G’ijduvon tumanlari hududida joylashgan. Uning bir qismi o’rta asrlardayoq o’zlashtirila boshlangan. Ayrim ko’chmanchi guruhlar, qaroqchilar hujumidan, voha aholisi va karvonlarni himoya qilish uchun xonlik tomonidan u yerda jilbon (chegara posboni) mansabi joriy qilingan. Jilbonlar Buxoro va Vardonze shaharlariga kelib ketayotgan karvonlarni ham nazorat qilishgan. Keyinroq jilbon atamasi joy nomiga aylangan. Shayboniylar davrida Jilvon Rudi (arig’i) qazilgan. 1640, 1880 va 1920-yillarda sodir bo’lgan kuchli qum ko’chishlari oqibatida Jilvon etagidagi qishloqlar qum ostida qolgan. Aholining bir qismi boshqa joylarga ko’chib o’tgan. Bu S. Ayniyning asarlarida ham qayd qilingan. 1926 yilda Shofirkon tumani tashkil qilingach, Jilvon cho’lini o’zlashtirish va obod qilish ishlariga buxorolik Hamro polvon boshchilik qildi. 1927-28 yillarda G’ijduvon va Shofirkon tumanlarini kesib o’tuvchi 35 kilometr uzunlikdagi yangi Jilvon arig’i qazildi. 2000 yilda uning uzunligi 50 kilometrga yetdi. Jilvonni o’zlashtirish asosan tugallandi; cho’l o’rnida yangi qishloqlar barpo qilindi. Hozirgi kunda o’sha joydagi qishloqlardan beshtasi “Jilvon” nomi bilan ma’lum.