Jahon savdo tashkiloti
Jahon savdo tashkiloti (JST) — jahon mamlakatlarining o’zaro savdo hamda savdo siyosati rejimini boshqaruvchi xalqaro tashkilot. Xalqaro savdoda tashkilotga a’zo va ishtirokchi mamlakatlar uchun majburiy bo’lgan tamoyillar va qoidalar belgilangan hukumatlararo ko’p tomonlama shartnomalar asosida faoliyat olib boradi. 1995 yilda 1948-94 yillarda ish olib borgan tariflar va savdo bo’yicha Bosh kelishuv (General Agreement on Tarifs and Trade — GATT) negizida tashkil qilingan. Bmttizimiga kiradi. Idorasi Shveytsariya (Jeneva)da. JST jahon savdosi qoidalarini ishlab chiqish yo’li bilan davlatlar savdo siyosatiga ta’sir ko’rsatish, savdo munosabatlarini erkinlashtiradigan va qatiy tartib-qoidaga soladigan muzokaralar uchun yig’ilishlar o’tkazish, davlatlararo savdoda yuzaga keladigan nizolarni hal qilish va boshqa vazifalarni bajaradi. JSTning oliy organi — barcha a’zo mamlakatlar Vazirlar Konferentsiyasi bo’lib, kamida 2 yilda bir marta o’tkaziladi. Joriy ishlarga Bosh kengash (tovarlar savdosi bo’yicha kengash, xizmatlar savdosi bo’yicha ken- gash, intellektual mulk masalalari bo’yicha kengash), sekretariat, doimiy qo’mitalar rahbarlik qiladi. JST faoliyati a’zo mamlakatlarning o’zaro manfaatlarini turli tadbirlar (asosan boj imtiyozlari, to’siqlari va boshqalar)ni qo’llash bilan himoya qilishga qaratilgan. A’zo mamlakatlar JST talablarini bajarish bilan birga tashkilotning boshqa a’zolariga savdoda mumkin qadar qulaylik berish rejimini (birinchi navbatda boj tariflarini pasaytirish) qo’llaydi, o’z ichki bozorini chet el korporasiyalari uchun ochiq qilish majburiyatini oladi. 133 mamlakat to’la huqukli a’zo, 30 mamlakat, shu jumladan Rossiya, O’zbekiston, Qozog’iston JST da kuzatuvchi maqomiga ega va 1992-93 yillarda tashkilotga a’zo bo’lish uchun ariza bergan. Shohiya To’laganova.