Jar

Jar — vaqtinchalik oqar suvlar yerni o’yib yuvib ketishidan hosil bo’ladigan turli kattalikdagi chuqurlik. Jar asosan, yumshoq jinslar (lyoss, lyossimon qumoq) dan tuzilgan baland tekisliklarda, tog’ etagi qiyaliklarida ko’p uchraydi. Jar oqova va tashlama suvni oqizib qo’yish, o’rmonlarni kesib yuborish, agrotexnika qoidalariga xilof yer haydash, tartibsiz mol boqish natijasida ham vujudga keladi. Jarning uzunligi bir necha o’n kilometrgacha, kengligi va chuqurligi bir necha o’n metrgacha bo’ladi. Jarlar, odatda, yuqori qismining o’yilishi hisobiga o’sadi, tagi yer osti suviga etgandan keyin chuqurlashishdan to’xtaydi. Jarlar O’rta Osiyoda (Farg’ona vodiysi), Volga bo’yining o’rmon-dasht va dasht zonalarida, Xitoyning lyossli viloyatlarida, AQSh va tropik mamlakatlarda ko’proq tarqalgan. Ular ekinzorlarni parchalab katta zarar keltiradi. Jar ko’payib ketmasligi uchun daraxtlar o’tqaziladi, to’g’og’ va to’siqlar, tarnovlar, suv omborlari quriladi.