Jeneva

Jeneva — Shveytsariyaning Janubi- g’arbidagi shahar. Jeneva kantonining ma’muriy markazi. Jeneva ko’lining Janubiy-g’arbiy sohilida, 372 metr balandlikdagi xushmanzara yerda joylashgan. Ko’ldan oqib chiqadigan Rona daryosi shahar o’rtasidan o’tgan. Iqlimi yumshoq, yillik yog’in 1000 mm chamasida. Aholisi 172 ming kishi, shahar atrofi bilan 390 ming (1998). Jeneva (lotincha Genava) dastlab Yuliy Tsezar tomonidan miloddan avvalgi 1-asrda tilga olingan. Savdo yo’llari chorrahasida joylashganidan shaharning iqtisodiy mavqei kuchayib bordi. 14-15-asrlarda o’zining yarmarkalari bilan mashhur edi. 16-asrdan Shveytsariya tarkibidagi ittifoqdosh yer; Kalvin davrida (16-asr) reformasiya markazi bo’lgan. 16— 17-asrlarda Jenevada sanoat, jumladan soatsozlik rivojlandi. 1798-1814 yillarda Frantsiya tarkibida bo’ldi. 1815 yildan Shveytsariyaning 22-kantoni. Jeneva — bir qancha xalqaro tashkilotlar, jumladan, Millatlar Ligasi (1919-39), qizil krest organlari, BMT turli bo’limlarining doimiy qarorgohi. Jenevada xalqaro kongresslar, konferentsiyalar, ko’rgazmalar va festivallar o’tkazilib turiladi. Kurort shahar, chet el turizmining markazlaridan. Jeneva — transport yo’llari tuguni, ko’l porti. Yirik aeroport bor. Mamlakatning muhim siyosiy, sanoat va savdo moliya markazlaridan. Zargarlik butomlari, aniq mexanika (soatlar, geodeziya asboblari, aniq apparatura va boshqalar), stanok sozlik, elektron texnika, mashina sozligi, dvigatellar ishlab chiqarish, farmasevtika, parfyumeriya, to’qimachilik, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Universitet va boshqa oliy o’quv yurtlari, teatrlar, muzeylar bor. Jenevaning qadimgi qismi Ronaning so’l sohilida joylashgan. Me’moriy yodgorliklardan Sen-Per sobori (12— 18-asrlar), Sent-Mari-Madlen va Sen-Jermen (14-asr) cherkovlari (14-15-asrlar), ratusha (15-asr), Enar saroyi (1817-21), Uyg’onish davri va mumtoz qo’shqlar (17-19-asrlar) saqlangan. Yangi shahar qismida millatlar saroyi, Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti, atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik (MAGATE) binosi va boshqa zamonaviy inshootlar joylashgan.