Jarqo’ton otashkadasi
Jarqo’ton otashkadasi – Surxondaryo viloyati Jarqo’ton shahri xarobasidagi otashparastlar ibodatxonasi. O’rta Osiyo va O’rta Sharqdagi eng qadimgi otashkada hisoblanadi. Jarqo’ton otashkadasida A. Asqarov rahbarligidagi arxeologik ekspeditsiya tadqiqot ishlari olib borgan (1973 yildan). Jarqo’ton otashkadasining tarhi to’g’ri to’rtburchak (44×64 metr) bo’lib, devor (qalinligi 4,5 metr) bilan o’ralgan. Unda doira shaklidagi 6 sajdagoh, 5 muqaddas quduq, tabarruk ashyolar saqlanadigan maxsus xona va boshqa xo’jalik xonalari bo’lgan. Ibodatxona markazida katta supa (ochiq platforma) bo’lib, uning markazida chor minor qoldiqlari va katta sajdagoh topilgan. Kohinlar yashaydigan supali xonalar, muqaddas olov va kul saqlanadigan otashgohlar, muqaddas ichimlik (saoma — Xaoma) tayyorlanadigan xonalar ochilgan. Jarqo’ton otashkadasidan sirlangan, bezakli sopol idishlar, loydan ishlangan odam haykalchalari, afsonaviy qush Geruda — Humo tasvirlangan idish, sopol quvurlar va boshqalar topilgan.