Jahon ob-havo xizmati
Jahon ob-havo xizmati – yer shari miqyosida ob-havo o’zgarishlarini kuzatib turish bilan shug’ullanadigan tizim. Dunyo ahamiyatiga molik markazlar hamda hududiy aqamiyatga molik meteorologiya markazlaridan iborat. Jahon ob-havo xizmati rejasi 1967 yilda qabul qilingan. Bu markazlar o’zaro tezkor aloqa kanallari orqali o’zaro bog’langan. Dunyo ahamiyatiga molik markazlar Vashington, Melburn va Moskvada joylashgan. Hududiy ahamiyatga molik meteorologiya markazlari 20 dan ortiq hududda, shu jumladan O’rta Osiyo hududida ham mavjud. Bundan tashqari, har qaysi mamlakatda, shu jumladan, O’zbekistonda ob-havo xizmatlari faoliyat ko’rsatadi. Bularning faoliyatini Jahon meteorologiya tashkiloti uyg’unlashtirib turadi. Jahon ob-havo xizmati markazlari butun yer sharidagi ob-havoning holati haqidagi ma’lumotlarni markazlashgan usulda to’playdi, ularni avtomatik tarzda ishlab chiqadi, uzluksiz ishlab turadigan meteorologiya va aerologiya tarmoqlari, ob-havoni kuzatish kemalari va meteorologiya sun’iy yo’ldoshlari kuzatuvlaridan foydalanadi, tayyor ma’lumotlarni, ob-havo xaritalarini, ob-havoni oldindan aytishga doir materiallarni tarqatadi.